Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligida yangi davr
17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo” formatidagi tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, 17 noyabr kuni tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda barqaror energiyani rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbati va “Markaziy Osiyo yoshlari ovozi” forumi tashkil etildi.
18 noyabr kuni esa “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga murojaatnomasini davlatimiz rahbarining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan turli ziddiyatlar, global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, turli zamonaviy tahdidlar mintaqalar va davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni taqozo qilayotganini qayd etgan.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan mazkur anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida muloqotlarni faollashtirish, hamkorlikni amaliy dastur va loyihalar bilan boyitish, mintaqalararo ochiq va samarali aloqalar tizimini shakllantirish, ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatli ekanligi ta’kidlangan.
Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, inklyuziv “yashil o‘sish”ga o‘tish, suvdan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash bundan keyin ham ko‘p tomonlama hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qoladi, deb ishonch bildirgan O‘zbekiston yetakchisi.
Konferensiyaning ochilish marosimida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xelga Shmid ham so‘zga chiqdi.
– Yevropa va Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tarixi bir necha asrga borib taqaladi, – dedi Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel. – Ayniqsa, qadimiy Buyuk ipak yo‘li bu aloqalarni yanada rivojlantishga xizmat qilgan. Bugun ham Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligi ikki va ko‘p tomonlama rivojlanib bormoqda. Pandemiyadan keyin dunyo davlatlari oldida iqtisodiy barqarorlikni tiklash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, energetika resurslaridan samarali foydalanish va ekologiya masalalari eng dolzarb vazifalar bo‘lib qoldi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham bu masalalar g‘oyat muhim hisobalanadi. Biz bu borada ularni qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga tayyormiz. Iqtisodiy taraqqiyot uchun ko‘proq investitsiya zurar va bunga erishishda mamlakatda shaffoflik, ochiqlik ta’minlanishi, mustahkam va kafolatli qonunchilik zarur. Biz bu boradagi maqsad va intilishlarimizni birlashtirimiz kerak.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso xonim bugungi geosiyosiy vaziyat nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo va Yevropa ittifoyi davlatlari orasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish uchun transport kommunikatsiya tizimlari, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Bu borada davlat tashkilotlari bilan cheklanmay xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish lozim. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan YeTTB vakolatxonalari imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanib, investitsiya sohasida kuchlarni birlashtirish va birgalikda harakat qilish foydali bo‘lishi ta’kidlandi.
Anjumanning “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga nigoh” deb nomlangan yalpi yig‘ilishida asosiy spikerlar –Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aybek Moldogaziyev va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Gajiyev ishtirok etdi.
Yevropa Kengashining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala boshqargan yalpi yig‘ilishda spikerlar Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida uch yo‘nalish – savdo-iqtisodiy sheriklik ko‘lamini kengaytirish, transport bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlikni takomillashtirish hamda raqamli infratuzilmani bugungi kun talabidan kelib chiqib, zamonaviy texnologiya yutuqlarini keng joriy etgan holda rivojlantirish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi.
Kunni ikkinchi yarmida konferensiya dasturiga ko‘ra, belgilangan mavzular bo‘yicha alohida sessiyalar ko‘rinishida yig‘ilishlar davom etdi. Munozara, muhokamalarga boy kechgan sessiyalarda raqamlashtirish, suv va energetika, transport sohalarida o‘z davlatlarida yetakchi ekspertlar, vazirlik, idoralar mutasaddilari ayni yo‘nalishlardagi muammoli masalalarni Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkor xalqaro moliyaviy tuzilmalar ko‘magida, qo‘llab-quvvatlashi bilan birgalikda hal etish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar.
Anjuman “Istiqbol va keyingi qadamlar” deb nomlangan V2V formatidagi muloqotlar, mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar ko‘rinishida davom etdi.
Konferensiya yakunida yalpi majlis va shu’ba yig‘ilishlarida muhokama etilgan masalalar yuzasidan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Konferensiya yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel tadbirlar yuksak saviyada, tomonlarning faol ishtirokida o‘tganini ta’kidladi. Muhokama etilgan masalalar va erishilgan kelishuvlar Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo munosabatlarida yangi sifat bosqichini boshlashi, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Biz Yevropa Ittifoqining 2021 yil dekabr oyida e’lon qilingan “Global darvoza” tashabbusini olqishlaymiz – dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri V.Norov. – Bu qo‘shma investitsiyalarni, ayniqsa infratuzilmani rag‘batlantirish, iqtisodiy hamkorlik uchun yaxshi sharoitlar yaratish, barcha qit’alar bo‘ylab tovarlar, odamlar va xizmatlarni ko‘chirish orqali global aloqa sherikligini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Tadbirlar doirasida Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo xususiy sektor vakillarining taqdimotlari, uchrashuvlar o‘tkazildi.
G‘.XONNAZAROV,
G‘.HASANOV.
**
A.ISROILOV, D.YoQUBOV olgan suratlar.