Yevropada Samarqand shahri salohiyati qanday namoyish etildi?
Samarqand viloyati turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Yevropa mamlakatlari bo‘ylab safar qilmoqda.
Safar doirasida Ispaniyaning Valensiya shahrida “Samarqand – yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasi tashkil etildi.
Tadbirda Ispaniyadagi turistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, muzeylar vakillari, arxeolog olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Bunda, Samarqandning turistik tashkilotlari tomonidan yangi turizm mahsulotlari namoyishi, Samarqand xalqaro aeroportining imkoniyatlari, "Silk Road Samarkand" turistik markazida yaratilgan shart-sharoitlar, turistik marshrutlar yuzasidan tashrif buyuruvchilarga ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir davomida V2V uchrashuvlar tashkil etilib, ispaniyalik sayyohlar oqimini oshirishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida, Samarqandning gastronomik turizm salohiyati namoyish etilib, Samarqand palovini tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi, viloyatning hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Xususan, ispaniyalik muzeyshunoslar Samarqand tarixiga oid ma’lumotlarga katta qiziqish bildirishdi. Har ikkala tomon muzeylari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.
Xuddi shunday uchrashuv Vengriyada ham bo‘lib o‘tdi.