Fanlardan o‘z vaqtida baho olmagan talabalar uchinchi semestr uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘laydi
Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov AOKAdagi brifingda ma’lum qildi:
"Asosiy o‘zgarishlar — ilgari o‘quv haftalari 38-40 hafta atrofida bo‘lardi. Kredit-modul tizimi joriy etilgach, bu muddat 36 haftaga tushdi. Sodda qilib aytganda, akademik dars jarayonlari 10 oydan 7,5-8 oyga tushirildi.
Talaba bir semestrda 15 hafta tahsil oladi. Agar bir semestrga 18 hafta ajratilgan bo‘lsa, uning ikki haftasi talabalar uchun o‘zlashtirilmagan fanlarini o‘zlashtirishga, yana bir haftasi yangi fanlar hamda o‘qituvchilarni tanlashga sarflanadi.
Yana bir muhim jihati — uchinchi, yozgi semestr ham qo‘shilgan. Bu — ta’til davriga to‘g‘ri keladi va talabalarning arizasiga ko‘ra, fanlardan baho olmaganlar uchun tashkil etiladi. Uchinchi semestr uchun ariza bergan talabalar belgilangan tartibda qo‘shimcha mablag‘ni amalga oshiradi.
Hozircha bu tizim bo‘yicha savollar bo‘lyapti, ammo uch yildan so‘ng barcha bu tizimga to‘liq moslashadi», dedi Xoliqov.