Faoliyatimiz jiddiy kurash va izlanishga asoslanishi zarur
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig‘ilishidagi nutqi orqali quyi palata deputatlari zimmasidagi ulkan va mas’uliyatli vazifalarni ta’kidlagani barcha deputatlar faoliyati uchun muhim signal bo‘ldi, desam yanglishmayman.
Prezident har bir deputat besh yil davomida o‘z so‘zining ustidan to‘liq chiqishi, partiyasining obro‘sini saqlashi uchun bugundan boshlab jiddiy harakat boshlashi lozimligini, alohida “Yo‘l xaritasi”ni tuzib, saylov vaqtida bildirgan barcha-barcha tashabbuslarini yaxlit tizimga solib, ishni puxta tashkil etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Qolaversa, bugun parlamentga qilgan murojaatida ham bu borada alohida to‘xtaldi. Xususan, Prezidentimiz tomonidan siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish hamda partiyalarning siyosiy faolligini oshirish masalalari belgilandi.
Aslida davlat rahbari turtki berish shart emas. Har bir deputat xalq, ya’ni saylovchilar unga ishonch bildirganini va uni jamoatchilik partiya oldiga olib chiqkanini unutmasligi lozim.
U o‘z faoliyati bilan saylov okrugida partiya obro‘sini ko‘tarishi yoki shaxsiy ibrati bilan katta ishlarni amalga oshirishi mumkin. Shu bois xalqning ishonchini oqlash, bergan va’dalarning ustidan chiqish va mavjud muammolar yuzasidan asoslantirilgan taklif bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashlar kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishimiz zarur.
Davlatimiz rahbarining so‘zlari bilan aytganda, “Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi, butun jamiyatimiz uyg‘oq bo‘ladi.”
Shu jihatdan, partiyadan saylangan deputatlar bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda qonunlar ijrosi yuzasidan deputatlik va jamoat nazoratini tashkil etish asosiy vazifamiz bo‘ladi. Bundan tashqari, har bir qabul qilinadigan qarorda, har bir ishda adolat bo‘lishi uchun kurashishimiz, viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘rganish va ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbir va takliflar bilan chiqish choralarini ko‘ramiz.
Yeng shimarib, astoydil ishlaydigan vaqt allaqachon kelgan. Bugungi davr eng avvalo, bizdan shuni talab qilmoqda.
Muhiba BOBOBEKOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyati Kengashi raisi.