Faqat Samarqandda o‘tkazilayotgan jarrohlik yoki koinot kabi sirli jumboqning yechimini topayotgan shifokorlar
Mashhur neyrojarrohlardan biri “Inson miyasi xuddi tunda yulduzlar qoplagan osmon va atrofimizdagi koinot kabi tabiatning sirli jumbog‘idir”, degan edi. Bu sirli jumboqni o‘rganish, tahlillash, davolash kabi mushkul mas’uliyatni bo‘yniga olayotgan shifokorlar shu bugunga qadar sanoqli edi.
Bugun ularning soni ham, bu mas’uliyatni bo‘yniga olayotgan shifokorlarning ish faoliyatiga e’tibor ham ko‘paymoqda. Xususan, viloyatda 2022 yildan boshlab Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi faoliyat yuritmoqda. Moddiy-texnik baza yaxshilanib, kadrlar salohiyatiga e’tibor qaratildi. Ushbu markaz tashkil etilgandan buyon nafaqat Samarqand, balki mamlakatimizda ilk bor bir necha xil murakkab operatsiyalar amalga oshirildi. Xususan, parkinson xastaligini bosh miya chuqur tizimiga chip-implantlar o‘rnatish orqali samarali davolash amalga oshirilmoqda. Ushbu operatsiyalar Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi direktori Mansur Aliyev tomonidan amalga oshirilayotir. Suhbatdoshimiz - Samarqand davlat tibbiyot universiteti neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, Osiyo, Yevropa, Amerika neyroxirurglar assotsiatsiyasi a’zosi, PhD, dotsent Mansur ALIYeV.
-Mamlakatimizda ilk bor amalga oshirilayotgan “chip” o‘rnatish orqali davolash tizimini o‘z zimmangizga olayotgan paytda nimadan ko‘proq xavotirlandingiz? Umuman, xavotiringiz bormidi yoki buni navbatdagi bir jarrohlik amaliyoti sifatida qabul qildingizmi?
- Aslida jarrohlarda har bir operatsiya oldidan u yoki bu ma’noda xavotir bo‘ladi. Ayniqsa, tibbiyotning murakkab yo‘nalishi sanalmish neyrojarrohlik sohasida. Yuqorida tilga olingan xastalik, ya’ni parkinsonni zamonaviy davolash aslida biz an’anaviy usulda amalga oshirayotgan jarrohlik amaliyotlaridan ko‘ra birmuncha yengilroq. Sababi, u asosan zamonaviy texnologiyalar yordamida bajariladi, vaholanki, bizda bosh miya bilan bog‘liq qator jarrohlik amaliyotlari natijasi faqatgina jarrohning tajribasi, mohirligiga bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu yuqori texnologiyali operatsiyani o‘tkazish uchun markazimizda yaratilgan tashkiliy ishlar, moddiy-texnik ta’minot va to‘g‘ri yo‘nalishlar uchun universitet ma’muriyati, xususan, rahbarimiz Jasur Rizayevning ko‘rsatmalarini alohida qayd etish lozim.
- Yaxshi bilamizki, meditsinada neyroxirurgiya eng nozik va murakkab yo‘nalishlardan biri. Aynan shu sohani tanlashingizga biror sabab bo‘lganmi? Umuman, shifokorlik bolalikdagi orzuingizmi yoki ota-onangizni istagimi?
- Bolalagimda o‘z bilganimcha uy hayvonlarini davolaganim yodimda. Ular mening parvarishimdan so‘ng tuzalib, yana avvalgi holiga qaytardi. Shuning uchunmi ota-onam shifokor bo‘lishim haqida ko‘p fikr bildirishardi. Kimyo, biologiya fanlarini yaxshi o‘zlashtirib, olimpiadalarda yuqori o‘rinlarni egallay boshlaganimda allaqachon shifokor bo‘laman, degan qat’iy ishonchim bor edi.
Umuman, tabiatan shunaqa fe’lim bor – har qanday tanlov imkoniyati tug‘ilganda murakkablikni tanlash istagi kuchli bo‘lgan. Shifokorlik kasbining o‘zi aslida qiyin, ammo uni ichidan yanada murakkabini tanlashimga ham shu fe’lim sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Maqsadim sari qadam tashlab, Samarqand tibbiyot instituti talabasi bo‘lgach, sohani yaxshiroq egallashim uchun rus tilini mukammal o‘rganishim kerakligini angladim. Hali talabalik yillaridayoq shoshilinch tez tibbiy yordam markazida navbatchilikda turdim. Ustozlar o‘gitini o‘zlashtirish, amaliyotda bemorlar qabul qilish kabi jarayonlar davomida soha rivojida xorij bilan aloqalarni yaxshilash muhimligini anglab yetgan holda ingliz tilini o‘rgandim. Neyrojarrohlik bo‘yicha ustozim Abdurahmon Mamadaliyev etagidan mahkam tutdim, u kishining yo‘l-yo‘riqlari asosida sohaning nozikliklarini o‘zlashtira boshladim.
- Bu izlanishlaringiz natijasi Samarqanddagi neyroxirurgiya sohasidagi yangiliklarga ham qaysidir ma’noda sabab bo‘lgani rostmi?
- Bugun mamlakatimiz rahbari tomonidan tibbiyotga katta e’tibor qaratilishi tufayli neyroxirurgiya sohasi Samarqandda ham katta o‘zgarishlarga burildi. Avvalo, Prezidentimizning 2022 yil 1 apreldagi 188-sonli qarori asosida hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti ma’muriyatining qo‘llab-quvvatlashi va tashabbusi bilan universitet huzurida neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Hozirda 50 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu markazda 16 nafar neyroxirurglar faoliyat ko‘rsatyapti. Bundan besh olti yil avval ularning soni bor-yo‘g‘i 4-5 nafarni tashkil etardi. Shuningdek, 20 nafar talabalar klinik ordinaturada aynan shu yo‘nalishda tahsil olmoqda. Bir paytlar neyroxirurgiya sohasida bir haftada 3-4 ta operatsiya amalga oshirilgan bo‘lsa, bugunga kelib, ular soni har kuni 8-10 tani tashkil etyapti va samaradorligi yuqori bo‘lgan operatsiya o‘tkazilyapti. Tabiiyki, bu raqamlarni eshitgan kishi borki, ilgari bu xastaliklar bo‘lmaganmi, bo‘lsa qanday davolangan, deya hayron qoladi. Tabiiyki, ular mavjud edi, ammo ularni samarali davolash uchun yetarli shart-sharoit yo‘q edi, mutaxassis yetishmasdi.
- Siz bir necha davlatlarda malaka oshirib qaytdingiz va qator davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlarida bosh-qosh bo‘ldingiz. Bu hamkorliklar bugun o‘z samarasini berib, Samarqandda ham bu sohada qator yangiliklar amalga oshirilayotir. Aytingchi, siz ko‘plab davlatlardagi amaliyotingiz davomida bizning meditsinamiz haqida qanday xulosalarga ega bo‘ldingiz? Qanday kamchiliklarda xalos bo‘lish kerak, deb hisoblaysiz?
- Bilasizmi, biz uzoq yillar davomida faqatgina yaqin atrofimizdagi davlatlar bilan hamkorlikni o‘rnatdik va ularning tajribasi asosida faoliyat yuritdik. Bu tajriba ham aslida katta ilmiy-amaliy maktab sanaladi. Ammo keyingi 4-5 yil ichida meditsinamiz boshqa sohalar singari xorij bilan keng ko‘lamli aloqalarni boshladi va biz mutaxassislar tayyorlashdan tortib, zamonaviy texnologiyalar keltirish kabi jarayonlarda katta bosqichdan o‘tdik. Koreya, Amerika, Xitoy, Germaniya kabi davlatlarda bir necha oylab malaka oshirish davomida angladimki, bizning tibbiyot va xorij amaliyotidagi eng katta farq bu faqatgina zamonaviy tibbiy jihozlarda. Bugun xorijdagi aksar jarrohlik amaliyotlari eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar orqali, inson omili tobora kamroq qo‘llanilayotgan holda amalga oshiriladi. Buning yaxshi tomonlari ko‘p, albatta. Lekin shifokor faqat texnikaga suyanib qolayotgani ham bor gap. Deylik, bizning shifokorlar texnologiyasiz amalga oshirayotgan ba’zi jarrohlik amaliyotlarini xorijlik hamkasblarimiz qilolmasligi mumkin. Chunki u yerda klinikalar shunchalik apparatlashtirilgan.
- Lekin biz ham borib-borib shunday amaliyotga kelamiz, shundaymi?
- Albatta. Boshqa yo‘l yo‘q, chunki bu texnologiyalarning yildan-yilga samaradorligi oshib, deyarli bexato ishlashga o‘tmoqda. Bir paytlar epilepsiyani jarrohlik usulida davolash haqida tasavvur ham qilmasdik. Bugun o‘zimizda bu jarrohlik amalga oshirilyapti.
- Yaqin yillarda sohada amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan yana qanday rejalar bor?
- Markaz kengayib, 150 o‘ringa mo‘ljallanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bugun dolzarb bo‘lgan qator xastaliklar, xususan, bosh miya faoliyati o‘smalarini xirurgik davolash, bolalar neyroxirurgiyasi, funksional neyroxirurgiya, insultlar xirurgiyasi va neyroreabilitatsiya kabi qator yangi bo‘limlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Shu yilning o‘zida parkinson xastaligini davolash bo‘yicha 32 nafar bemorga chiplar o‘rnatilgan bo‘lsa, hali minglab bemorlar bu xastalikdan aziyat chekmoqda. Nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni respublikalardan ham davo izlab kelayotgan bemorlar soni ko‘paymoqda.
Rejalarimiz katta. Masalan, bolalar bosh miya falajligini xirurgik davolash, umurtqa pog‘onasida nerv tolalari shikastlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan xastaliklarni va boshqa ko‘plab kasalliklarni ilk bor o‘zimizda davolash uchun sa’y-harakatlar olib boryapmiz. Tabiiyki, bunda davlatimizning, viloyat hokimligi, tibbiyot universitetimizning qo‘llab-quvvatlovi va yordami bilan bo‘layotganini alohida ta’kidlashni istardim.
-Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.