Farosatingiz bormi?

Bor, bilaman. Bo‘lmaganda suratni ko‘riboq, ushbu yozganlarimni oxirigacha o‘qimasdan o‘tkazib yuborardingiz. Ammo shundaylar borki, suratdagidek, farosatsizlarcha ish tutadi.

Ular ijtimoiy tarmoqlarda tabiatni asrash, yashayotgan hududini ozoda saqlashga qaratilgan mavzudagi suratli lavha yoki videoroliklarga ham e’tibor qaratmaydi-da!

Mazkur surat Samarqand shahri Qorasuv massividagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida olingan. Bog‘ tashkil etilgach, o‘rindiqlar o‘rnatilgandi, ammo ularning yonida chiqindi qutilar yo‘q edi. Ayrim dam oluvchilar yegulik va ichimlikdan bo‘shagan turli idishlar, pista po‘choqlarini istagan joyga tashlab ketavergach, har bir o‘rindiq yoniga chiqindi uchun maxsus qutilar joylashtirildi. Afsuski, yonginasidagi quti nima uchun o‘rnatilganiga ba’zilarning fahmi yetmayapti.

Bu xunuk manzarani suratga olishni maqsad qilib turganimda, o‘rindiq yonidan o‘tib ketayotgan yoshi katta ikki kishining suhbatini eshitib, qoldim:

- Befarosatlar! Yonginasida chiqindi quti turib, o‘tirgan joyini iflos qilib ketibdi-ya?

- Ha, aytmang, - deya sherigining gapini tasdiqladi ikkinchisi. - Bilmadim, bundaylarning aqli qachon kiradi?

- Hech qachon, menimcha!

- Har bir joyga kamera o‘rnatib chiqish kerakmi?

- Bundaylarga O‘zi insof bermasa, kamera yordamida ularni farosatli qilish qiyin-ov.

- Ha, to‘g‘ri aytasiz! Masalan, yo‘llarda qanchadan-qancha radar va kameralar o‘rnatildi. Haydovchilar orasidagi qoidabuzarliklar esa kamaygani sezilmayapti.

- Qo‘llanilayotgan jarimalar ayrim boyvachcha qoidabuzarlar uchun hech narsamasda-a?!

- Afsus...

To‘lqin SIDDIQOV.