Farosatni befarosatdan o‘rgan
Yoki so‘zimiz va harakatlarimiz birovga noqulaylik tug‘dirmasin.
Albatta, har birimiz atrofimizda insofli, diyonatli, sofdil va mehribon odamlar bo‘lishni xohlaymiz. Umumun olganda, o‘zimiz ham vijdonli, fahm-farosatli bo‘lishga intilishimiz lozim. Kundalik hayotimizdagi bizga duch keladigan odamlar haqiqatan ham shunday xislatlar egasi bo‘lish-bo‘lmasligini qayerdan bilish mumkin?
Hayot yo‘limda o‘zini donishmand ko‘rsatib, hatto nonni tashlamaslik bo‘yicha aql o‘rgatmoqchi bo‘lgan “bilag‘on”lar ham yo‘liqqan. Biroq, keyinchalik aynan o‘sha odamning nonni bir emas, bir necha marta mog‘orlatib, keyin uni chiqindiga tashlab yuborganining guvohi bo‘ldim. Vaholanki, otam va onam oilamizda ovqat yeb bo‘lgandan keyin dasturxonni silkita turib, nima deb aytish kerakligini o‘rgatishgan. Nafaqat shu narsalar, oilamizda tug‘ilgan chaqaloqlar to‘rt oyligidan boshlab qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib assalom va rahmat “qilishardi”. Kattalar ko‘ziga tik qarash u yoqda tursin, ular yonida o‘tirganda iyakkga suyanmaslik, oyoqlarni yig‘ib o‘tirish, oshni o‘ng qo‘l bilan yeb, to‘kilgan guruchlarni chap qo‘l bilan terib olish va hatto eshik ochib-yopishgacha fahm-farosat bilan ish tutishimiz aytilib, yumushlarimizning qay biri savobga, qaysisi esa gunohga yozilishi uqtirib kelingan.
Farosatni beforosatdan o‘rgan, degan naql bor xalqimizda. Afsuski, oramizdagi bunday odamlardan “o‘rnak” olib, ularga o‘xshamaslik uchun odam gaplarini o‘ylab gapirishni, fikrlarini nazorat qilishni, suhbatdoshning yolg‘onchi yoki rostgo‘y ekanini ajrata olishni biladi. Garchi odamovidek tuyulsa-da, u g‘iybatdan nari yuradi, uning o‘zi yoki boshqa odamlar haqida yomon gap aytganini eshitmaysiz. Farosat boshdan emas, yurakdan chiqadi.
Oqil xulq, bu - san’at. Usta asboblar bilan ishlashni bilganidek, farosatli kishi so‘z bilan ishlashni va to‘g‘ri harakatlarni tanlay biladi: ba’zan jim turadi, ba’zida dalda, maslahat beradi. Bemavrid birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymaslik uchun u sabr-toqat bilan his-tuyg‘ularini boshqarib, shoshqaloq harakatlardan uzoqlashishga harakat qiladi.
So‘zlar – o‘zlikning ifodasi, kishining asl ko‘rinishi so‘zlarida yashiringan bo‘ladi yoki “aytilgan so‘z otilgan o‘q” deyishadi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, natijasi haqida o‘ylamasdan biz har kuni qancha so‘z aytib, qancha harakatlarni amalga oshiramiz. Bu harakatlar insonga shikast yetkazishi va agar biz ushbu “qurol”dan ehtiyotkorlik bilan foydalanmasak, so‘z hatto o‘ldirishi mumkin.
Afsuski, kundalik hayotda “yomon” so‘zlar aynan o‘sha o‘zini farosatli deb ko‘rsatishga harakat qilayotgan “o‘ziga ugra kesmagan”lar tomonidan ataylab aytilyapti. Bunday johillar inson obro‘si bir so‘zga bog‘liq ekani, aytgan so‘zi esa kelajakda uning o‘z taqdirini belgilashini bilganida edi, bunday qilmagan bo‘larmidi.
Nazarimda, har qanday vaziyatda xotirjamlikni saqlay bilish, fahm-farosatli, shu bilan birga yumshoq va sezgir bo‘lish uchun insonga ichki kuch kerak. Bu kuchga, avvalo, ota-ona ibrati, taqvodorlik, Yaratganga ixlos, va farosat bilan erishiladi. Bu xislatlarning barchasi ma’naviy rivojlanishiga hissa qo‘shadi va har qanday sinovlardan munosib o‘tishga imkon beradigan insonning ichki mag‘zini mustahkamlaydi. So‘zlarimiz va harakatlarimiz birovga noqulaylik tug‘dirmasin uchun ulardan ehtiyot bo‘laylik, ularni faqat qutqarish uchun ishlataylik.
Bahora Muhammadiyeva.