Favqulodda vaziyatlar tizimi xizmatchilari qayerda, qanday malaka oshiradi?

Viloyat Matbuot uyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi tomonidan “Sohada ta’lim sifatini yangi bosqichga chiqarishning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Dastlab markaz boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Ochilov muassasa faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, respublikada yagona ushbu markazda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida yangidan faoliyat boshlagan harbiy xizmatchilar ikki oy davomida boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tkaziladi, shuningdek, sbir oy davomida xodimlar malakasi oshirilib, qayta tayyorlanadi. Joriy yilning olti oyida markazda mingdan ziyod tinglovchi va xodimlar boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tkazilib, malakasi oshirilgan.
- Hozir markazda vazirlikning yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining 18 ta toifasi bo‘yicha 270 nafar harbiy xizmatchi va qutqaruvchilari boshlang‘ich va malaka oshirish tayyorgarligidan o‘tkazilmoqda, - deydi markaz o‘qituvchisi Otabek Mahammatov. – Tinglovchilarga vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida malakali mutaxassislar tomonidan mashg‘ulotlar olib borilmoqda.