“Favvoralar sayli”da kollej o‘quvchilari favvora suratini chizdi

Bugun Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov  va Ruhobod maydoni, Registon va Dahbed ko‘chalarining chorrahasi, Shoirlar bog‘i, Universitet xiyoboni, Temir yo‘l vokzali, viloyat musiqali drama teatri maydonlarida favvoralar sayli o‘tkazildi.

Erta tongdan Ko‘ksaroy maydonida joylashgan favvoralar atrofidagi sayil ham shunday shukuh bilan boshlandi. Tadbirda kasb-hunar kollejlarining yosh iste’dodli ijrochilari hamda badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar ko‘pchilikni qiziqtirdi.

Favvoralar atrofida tashkil etilgan sahnada “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limi, “Barkamol avlod” markazi a’zolari, shahar va tuman bolalar musiqa va san’at maktabi, Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari, badiiy jamoalar o‘z chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

- Samarqand haqida eshitardim-u, tasavvurimda kichikkina shahardek edi, - deydi qozog‘istonlik sayyoh Sho‘lpan Xudaybergenova. – Bugun kelib, Samarqand juda boy tarixga, madaniy merosga, yuzidan tabassum arimaydigan mehmondo‘st xalqiga ega hududlardan biri ekanligiga amin bo‘ldim. Sayohatimiz ayni bayram kuniga to‘g‘ri kelganligi bizni xursand qildi. 1 may Qozog‘istonda xalqlar do‘stligi kuni sifatida nishonlanadi. Sizlarda favvoralar bayrami ekan. E’tibor berganim, shahardagi favvoralarning hech qaysi bir-birini takrorlamaydi.

Viloyatimizdagi 50 ga yaqin katta-kichik favvoralar atrofi odamlar bilan gavjum. Bir tomonda iste’dodli yosh rassomlar favvoralarning go‘zal aksini qog‘ozga muhrlayotgan bo‘lsa, bir tomonda yangrayotgan ohanglarga jo‘r bo‘layotgan yoshlar, raqsga tushayotgan bolajonlar. Barcha birdek xush kayfiyatda. Xuddi shunday sayillar viloyatimizning Past Darg‘om, Urgut, Payariq va Nurobod tumanlarida ham o‘tkazildi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.