Fermer xo‘jaligidagi qotillik

U idishda tip-tiniq, hech qanday gardsiz ko‘rinadi. Iste’mol qilingach o‘z kuchini ko‘rsatadi. Qanchalik ko‘p ichilsa kuchi ham shuncha ortaveradi. Kamgaplarni “sayratsa”, xo‘mrayganlarni jilmayishga majbur qiladi. Ojizlarga kuch beradi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.

Gap nima haqida ekanini allaqachon anglagan bo‘lsangiz kerak. Ha, quyidagi vahshiylikka ham spirtli ichimlik sabab bo‘ldi.

Normat (ismlar o‘zgartirilgan) ning yoshi anchaga borib qolgan. U to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay, namunali umr kechirganda hozir bir hovli nabiralar qurshovida piru badavlat bo‘lib o‘tirgan bo‘lar edi. Ammo hozir bunday emas. Oilasi, bir nafar farzandi allaqachonlar undan yuz o‘girgan. U birinchi marta sudlanganda 9 yil, keyingi safar 5 yil ozodlikdan mahrum qilingandi. Jazoni o‘tab bo‘lgach, turli joylarda ishlab yurdi. Ayni paytda qishloqdoshi Murodning fermer xo‘jaligida og‘zaki kelishuv asosida qorovul bo‘lib ishladi. Bundan oldin cho‘ponlik qildi. Bir kishining qo‘ylarini boqib yurardi. Tog‘u toshlarda yurishdan bezor bo‘ldimi, berayotgan oyligini kam deb, cho‘ponlikni tashladi. Muroddan ish so‘ragandi.

Normatda bola-chaqa qayg‘usi yo‘q. Topganiga aroq olib ichadi. Yagona dardi tomoq, qorin to‘ydirish.

Bir kuni Normat spirtli ichimlik ichgan, mast holatda edi. Fermer xo‘jaligi yerlarini bir aylanib kelib joyiga yotdi.

Qo‘shni fermer xo‘jaligida Mamadiyor ismli kishi qorovul edi. U aslida boshqa viloyatdan bo‘lib, oilasi, farzandlarini tashlab kelib, shu yerlarda ishlab yurardi. Bundan avval bozorda yuk tashirdi. Keyin bu yerga ishga keldi. Uning ham dardu dunyosi aroq. Kunda, kunora mast.      

O‘sha kuni Mamadiyor ham sarxush edi. Yarim tun bo‘lishiga qaramay u Normatni izlab keldi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqayotgan, valdirab qolgan Mamadiyor axloqsiz harakatlar qila boshladi. Normatning jahli chiqdi.

Normat bilan Mamadiyor yoqalashdi, mushtlashdi, bir-birini ayamadi. Musht zarbidan yiqilib tushgan Normat shu yerda yog‘och uyumidan bittasini oldi. Bor kuchi bilan Mamadiyorni duch kelgan joyiga uraverdi. U ko‘chaga qarab qochdi. Normat ham ortidan qolmadi. Oyog‘iga tepib yiqitdi. Yog‘och bilan urishda davom etdi. Holsizlanib qolgan Mamadiyorni uy oldiga sudrab kelib yana urdi. Bu ham kamdek oshxona tokchasidan pichoq olib Mamadiyorning bir necha joylariga sanchib oldi. Oyoq-qo‘lini bog‘lab, o‘zi uxlashga kirib ketdi.

Tongda turib Mamadiyordan xabar oldi. Uning tanasi muzlab bo‘lgandi. U darhol qilmishini yashirishga kirishdi. Jasadni gilamga o‘rab, hojatxonaning orqasiga qo‘ydi. Ustidan shox-shabbalar qo‘yib yashirdi.

Ammo uning bu qilmishi shu kunning o‘zida oshkor bo‘ldi.

Sud hukmi bilan Normat 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.