Fermerlar bug‘doyni o‘zlari birja orqali sotadi hamda ular 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi

Bu haqda davlat rahbari g‘allachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Barcha hokimlar bir narsani aniq tushunib olishi zarur. Nima uchun biz fermerni birjaga olib chiqayapmiz? Fermer birjaga chiqib, o‘zi g‘allasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, o‘z mehnati natijasidan rozi bo‘ladi.

Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan g‘alla ham faqat birjadan sotib olinadi”, dedi Prezident yig‘ilishda.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda brokerlarni biriktirib, o‘qitishni tashkil qilish topshirildi.

Bunda fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Joriy yil jami g‘alla hosili uchun 7,6 trillion so‘m ajratiladi. Yangi tizimni to‘laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir so‘m fermer va klasterga o‘z vaqtida, to‘liq yetib borishi, narx-navoni o‘sishi va taqchillikni oldini olish bo‘yicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi.

Buning uchun Bosh prokuror boshchiligida Respublika shtabi tashkil etiladi. Hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlari rahbarlik qiladi, deya xabar qilmoqda Prezident matbuot kotibi.