Fidokorona mehnatlar e’tirofi
Mustaqillik, hurlik, tinchlik! Bu so‘zlarning ortida qanchadan-qancha ayanchli taqdirlar, azob-uqubatlar, mislsiz mehnat, fidoyilik, jasorat yotibdi. Shu bois, yurtimizda mustaqillik sanasi har yili katta shodiyonalar, shukronalik tadbirlari bilan qarshi olinadi. Yurt ozodligi uchun qanchalik mashaqqat chekilgan bo‘lsa, uni asrab-avaylash, mustahkamlash, mamlakat rivojini ta’minlash uchun undan-da ortiqroq mas’uliyat talab etiladi. Jonajon vatanimiz mustaqilligi, taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotganlar, sadoqat bilan mehnat qilayotganlar an’anaga ko‘ra, istiqlol ayyomida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlanadi.
Bu yil ham Prezidentimizning tegishli farmonlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan yurtimizning bir guruh fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Samarqandda ham viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida samarali mehnat faoliyati bilan alohida e’tirofga sazovor bo‘lib, davlat mukofotlariga munosib ko‘rilganlar ko‘pchilikni tashkil qildi. Bugun ularga yuksak mukofotlar tantanali topshirildi.
Mukofotlanganlarni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tabriklab, ularning xizmatlarini e’tirof etdi. Davlatimiz rahbari e’tibori va ishonchiga munosib bo‘lib, bundan keyin ham samarali faoliyat bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir samarqandlik yelkasidagi ulkan mas’uliyat ekanligini ta’kidladi.
– Mahalladoshlarimizning ishonchi tufayli bir necha yildan buyon mahalla raisi vazifasida ishlab kelyapman, – deydi Urgut tumanidagi Shodlik mahallasi raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Rofe Nosirov. – Davlatimiz tomonidan boshqaruvning mazkur bo‘g‘ini huquq va vakolatlarining kengaytirilishi, hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi roli oshirilishi samarasini xalqimiz o‘z hayotida his qilmoqda. Bugun bizning ham o‘z aytar so‘zimiz bor, ko‘p masalalarni o‘zimiz davlat boshqaruv organlari oldiga qo‘yib, muammolarga yechim topyapmiz. Mahalla byudjeti shakllanmoqda va o‘z mablag‘imizga ega bo‘lyapmiz. Bayram arafasida Prezidentimiz farmoni bilan berilgan yuksak mukofotni ham barcha mahalladoshlarimizniki deb bilaman, buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz.