Fikrat.uz O‘zbekistonda yolg‘on xabarlar qanday qilib chinga aylanib borayotgani bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi

Maqolani o‘qib, ko‘pchilik xafa bo‘lishi mumkin, shu bois oldindan uzr so‘raymiz. Zero, maqsadimiz milliy mass-mediamiz umume’tirof etilgan prinsiplar asosida ishlasa, taraqqiy etsa… 

3 kun avval O‘zbekistonning nufuzli internet saytlarida, jumladan, Qalampir.uzXS.uz (Xalq so‘zi online) va Effect.uz saytlarida ushbu xabar e’lon qilindi: «Nur-Sulton shahrining nomi qayta Ostonaga o‘zgartiriladi».

Biroq bu xabar asossiz (yoki yolg‘on) edi, chunki…

O‘zining kutilmagan hazillari bilan tanilgan Fishki.net sayti 2019 yil 1 aprel kuni «Gorod Nursultan pereimenuyut obratno v Astanu» degan maqola e’lon qildi. Maqola 1 aprel hazili bo‘lib, undagi barcha ma’lumotlar to‘qib chiqarilgan va vaqt o‘tib barchaning yodidan ko‘tarilgandi.

Maqola mualliflari hammasi hazil ekanligini ham yozib qo‘yishgan.

Biroq bir yildan so‘ng 7 iyun kuni soat 6:50 da jurnalist Bahodir Ahmedov telegram kanalida «Fishki.net»ning hazilini eslaydi:

Nimagadir Bahodir Axmedov postni 5 soatdan so‘ng o‘chirgan.

Maqolaning hazil ekanligiga e’tibor bermagan Xs.uz cayti (ehtimol boshqalardan avvalroq e’lon yoki xayp qilish uchun) soat 11:56 da (tarjima) maqolani e’lon qiladi.

Feyk xabar 1616 marta ko‘rilgan.

Ortidan Effect.uz sayti soat 17:19 da tarjima qilingan maqolani “o‘g‘irlaydi”, biroq ular ham maqola hazil ekanligiga e’tibor berishmaydi.

Feyk xabar 716 marta ko‘rilgan.

Qalampir.uz ham ulardan qolib ketishni xohlamaydi.

Bu safar feyk xabarni ko‘pchilik, naq 20212 kishi o‘qiydi.

Qiziq holat: bilasiz, Bahodir Ahmedov Qalampir.uz saytida ishlaydi. Shu sabab ba’zi savollar tug‘iladiki, Qalampir.uz Bahodir Ahmedovdan o‘zlari so‘rab olishar?

Xullas, oddiygina hazil O‘zbekistonga kelib, jiddiy siyosiy axborotga aylanib ketdi.

Hali ham ishonmayapsizmi? Kechagi «Rutan» bilan bog‘liq voqeaga e’tibor bering!

Podrobno.uz 5 yil avval «Rutan» preparati ixtiro qilinganligi haqida post e’lon qilgan bo‘lsa-da, kecha «Rutan»ning yana ixtiro qilinganligini yozdi. 300 dan ortiq saytlar va telegram kanallarida «O‘zbekiston olimlari koronavirusga qarshi dori ixtiro qildi» sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Negadir, mening sevimli nashrim Qalampir.uz ham ular orasida bor.

Bu xabarlarni esa milliondan ortiq insonlar o‘qidi.

Xulosa qilib aytganda, bunday kulguli va g‘alati holatlarga (1) internetdagi ko‘chirmachilik va milliy axborot sigmentida (2) fact checking (xabarning haqqoniyligini tekshirish) yo‘qligi sababchidir.

Bundan ham kulguli va g‘alati holatlarni keyingi 2-maqolamizda o‘qishingiz mumkin.

Yolg‘on xabarlar (2-maqola)

Avvalroq «Oddiy hazil qanday qilib O‘zbekistonda siyosatga aylanib ketdi?» sarlavhasi ostida 1-maqolamizni e’lon qilgandik. 2-maqolamiz esa rostdan ham ko‘pchilikni xafa qilishi mumkin, shu bois oldindan uzr so‘raymiz. Zero, maqsadimiz milliy mass-mediamiz umume’tirof etilgan prinsiplar asosida ishlasa, taraqqiy etsa…

Oxirgi vaqtlarda ko‘plab feyk xabarlarga duch kelib, o‘ylab qoldim: yolg‘on axborotlarni O‘zbekistonda tarqatish osonmi? Buni bilish uchun Fikrat.uz bilan tajriba o‘tkazdik.

23 may kuni Fikrat.uz’ning telegram kanalida eng ko‘p «o‘g‘irlanadigan» «Kun tarixi» ruknimizga atayin faktni buzib ko‘rsatdik. Meni (Suqrot Toshkandiyni) hali mashhurlik ko‘chasidan o‘tmagan bo‘lsam-da, mashhur yozuvchi, dedik. Nima bo‘ldi, bilasizmi? Hattoki, Madaniyat vazirligi ham mening «mashhur yozuvchi» ekanligimni tan oldi!

Bir nechta telegram kanallar ham har doimgidek o‘g‘irlik qilishdi. Lekin ma’lumotlarni tekshirib ko‘rishmadi.

Balki o‘sha kuni shunday bo‘lib qolgandir, degan iztihola bilan o‘tgan kuni yana «Kun tarixi» ruknida yana atayin bir faktni buzib ko‘rsatishga qaror qildik. Jorj Oruellning «1984» romani (1949 yil emas) 1948 yil nashrdan chiqqan deb yozdik. Eng qizig‘i, “o‘g‘irlaganlar” soni o‘tgan safarga nisbatan 2 barobar oshib ketdi. Biz esa bu gal hech kim bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymasa kerak, deb o‘ylagandik.

Biz yana hayron qoldik. Uchinchisi halol deya, kechagi «Kun tarixi» ruknida 3-bor noto‘g‘ri fakt qo‘shdik. Olmaota shahrini hozirgi Nur-Sulton shahri deb atadik (aslida Ostona shahri nomi Nur-Sultonga o‘zgartirilgan). «O‘g‘ri kanallar»da yana noto‘g‘ri faktlar aylana boshladi.

Demak, bizda bemalol yolg‘on xabarlarni tarqatish mumkin, deya olamiz.

Yana bir narsaga e’tibor qarating.

Agar kimdir biror shaxsning, deylik, qo‘l telefonini o‘g‘irlasa, u jinoyat sodir etganlikda, ya’ni o‘g‘irlikda ayblanadi. Tabiiyki, unga nisbatan huquqiy chora ko‘riladi. Lekin ko‘rib turganingizdek, milliy mass-media makonida manbani ko‘rsatmasdan ko‘chirish – “o‘g‘irlash” odatiy holatga aylanib bormoqda. Fact checking umuman yo‘q, desak ham mubolag‘a bo‘lmas.

Yaxshisi 3-maqolamizni kuting…

Suqrot Toshkandiy.