Foydalanilmagan 7 yillik mehnat ta’tili: Huquqbuzarlik fosh etildi

Keyingi paytlarda mehnat huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Ana shunday holatlardan biri Samarqand shahridagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kuzatilgan.

Ushbu muassasada mehnat faoliyatini amalga oshirib kelgan Farrux Sattorov bilan 2025 yil 17 fevralda ikki tomonlama kelishuvga asosan mehnat shartnomasi bekor qilingan. O‘rganishlarda bu jarayonda xodimga faqat 2024-2025 yillar hisobidan 896 417 so‘m miqdorida pulli kompensatsiya hisoblangan, qolgan — 2018 yildan buyon foydalanilmagan ta’tillar esa e’tibordan chetda qoldirilgani ma’lum bo‘ldi.

Ya’ni, sobiq xodim 7 yil mobaynida mehnat ta’tilidan foydalanmagan va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya pullari "urib" qolingan.
Samarqand shahar adliya bo‘limi murojaatni o‘rgangan holda holatda qonun buzilishi mavjud ekanini aniqladi. Amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodim foydalanmagan mehnat ta’tili uchun pulli kompensatsiyani olish huquqiga ega va bunday kompensatsiyani hisoblab berish majburiyati ish beruvchi zimmasidadir.

Adliya bo‘limi tomonidan Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga rasmiy taqdimnoma kiritildi. Unda nafaqat ushbu qarzni to‘lash, balki holatga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarni aniqlab, ularni intizomiy javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday huquqbuzarliklar sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish talab etildi.
Bu voqelik mehnat sohasidagi har bir huquqning qanchalik muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Xodimlarning mehnatga oid qonuniy manfaatlarini himoya qilish esa faqat davlat organlarining emas, balki har bir rahbar va ish beruvchining ham zimmasidagi mas’uliyatdir.

Diyorbek Murodqulov,
Samarqand shahar adliya bo‘limi xodimi.