Fransiyada ertadan karantin joriy etiladi

Koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani sababli, 30 oktyabrdan e’tiboran Fransiyada karantin rejimi joriy etiladi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron fransuz xalqiga qilgan telemurojaatida ma’lum qildi.

“Juma kunidan boshlab virusni to‘xtatishda yordam beradigan karantin rejimini yana joriy etish zarur, degan qaror qabul qildim”, dedi Makron. U karantin butun Fransiya hududida joriy etilishini alohida ta’kidladi.

Fransiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, karantin mamlakatda 1 dekabrga qadar davom etadi. Maktablar yopilmaydi, davlat idoralari va tashkilotlarda ish davom etadi. Shu bilan birga, ishga qatnash, shifoxonaga borish, yordamga muhtoj qarindoshlarni yo‘qlash, oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish va yashash joyi hududidan uzoq bo‘lmagan masofada sayr qilish uchun uydan chiqishga ruxsat beriladi. Biroq uydan chiqish uchun bahor oylaridagidek yozma guvohnoma talab etiladi.

“Bahor oylarida asosiy emas, deb taqsimlangan savdo maydonlari, aholi to‘planishiga sabab bo‘ladigan barcha tashkilotlar, xususan, bar va restoranlar yopiladi”, deb qo‘shimcha qildi Makron.

Fransiya yetakchisi ommaviy yig‘ilishlar va birinchi hududdan ikkinchi hududga harakatlanish taqiqlanishini, biroq ta’tildan qaytayotganlar uchun uylariga yetib olish imkoniyati yaratib berilishini alohida ta’kidladi.