Fuqarolar nega davlat rahbari qabuliga kirmoqchi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga joriy yilning birinchi yarmida viloyat aholisidan 68,8 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshgan.

Ushbu murojaatlarning 50 ming 503 tasi, ya’ni 81 foizi qanoatlantirilgan. 525 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan, 10 mingdan ortig‘i bo‘yicha tushuntirish berilgan va 763 tasi rad etilgan, 212 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Albatta, har bir fuqaro o‘zi va boshqalar bilan birga davlat organlari, tashkilotlarga murojaat qilish huquqiga ega. Bu yurtdoshlarimizning konstitutsion huquqlaridan biri hisoblanadi. Murojaatlar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi va bu haqda fuqarolarga javob beriladi.

Prezident Xalq qabulxonalari fuqarolarning ana shu huquqlaridan foydalanishlarini ta’minlashga xizmat qilib kelayotgan institutlardan biridir.

Joriy yilning dastlabki olti oyi natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi Samarqand (29 foiz), Toyloq (34 foiz), Past Darg‘om (34 foiz) tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on (34 foiz) va Samarqand (34 foiz) shaharlariga past bo‘lgan. Viloyatdagi Xalq qabulxonalari nazoratida ko‘rib chiqilgan 47 ming 266 ta murojaatning 18 mingga yaqini (39 foizi) ijobiy hal etilgan.

Xalq qabulxonalariga o‘tgan davrda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4312 ta yozma va og‘zaki murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularda 5 mingdan ortiq masala ko‘tarilgan. O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganimizda murojaatlar 2021 taga kamaygan. Lekin Virtual va Xalq qabulxonalariga Samarqand shahri hamda Past Darg‘om, Urgut, Paxtachi va Payariq tumanlaridan murojaatlar ko‘paygan.

Murojaatlarda asosan, pensiya va ijtimoiy ta’minot (7301 ta), ijro ishi, aliment va qarz undirish (6470 ta), elektr energiyasi (5402 ta) va gaz ta’minoti (4956 ta), huquqbuzarliklar (4724 ta), moddiy yordam va homiylik (3129 ta), huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari faoliyati (1763 ta), davolash va tibbiy xizmat ko‘rsatish (1700 ta), uy-joy bilan ta’minlash (1502 ta), bandlik (1427 ta), yo‘l infratuzilmasi (1325 ta) bilan bog‘liq masalalar eng ko‘p qayd etilgan. Shu bilan birga bank kreditlari, uy-joy fondini saqlash va boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati, yo‘l harakati xavfsizligi, sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishi bilan bog‘liq murojaatlarning dolzarbligi oshgan.

Yarim yil davomida tushgan takroriy murojaatlar 9425 tani tashkil etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 taga oshgan. Bu fuqarolarning muammolariga o‘z vaqtida yechim topilmagani yoki murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yana takror sodir bo‘lganidan dalolat beradi.

Jumladan, takroriy murojaatlar elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha 414 ta (75 foiz)ga, gaz ta’minoti bo‘yicha 165 ta (32 foiz)ga, bank kreditlari va tadbirkorlik yuzasidan 138 ta (383 foiz)ga¸ pensiya va ijtimoiy ta’minot bo‘yicha 135 ta (22 foiz)ga, sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishi yuzasidan 71 ta (69 foiz)ga oshgan. Eng ko‘p takroriy murojaatlar Samarqand shahri (1116 ta), Past Darg‘om (1086 ta), Kattaqo‘rg‘on (864 ta), Payariq (786 ta), Paxtachi (698 ta) va Urgut (674 ta) tumanlaridan kelib tushgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sektorlar kesimida eng ko‘p murojaat (18 ming 370 ta) uchinchi sektorlar hududidan, eng kami esa (16 ming 996 ta) to‘rtinchi sektorlar hududidan qayd etilgan.

Mahallalar miqyosida esa Oqdaryo tumani Yangiobod mahallasining 155 nafar fuqarosidan 241 ta masala yuzasidan, Samarqand shahar Qorasuv massividan 144 nafar fuqarodan 192 ta masala bo‘yicha, Past Darg‘om tumani Bog‘ishamol mahallasi 129 nafar fuqarosi tomonidan 282 ta masala bo‘yicha, Paxtachi tumani Istiqlol mahallasida yashovchi 126 nafar fuqarodan               333 ta masala qayd etilgan murojaatlar kelib tushgan.

Bugungi kunda viloyatdagi tashkilotlar ish yurituvidagi 3015 ta murojaatni ko‘rib chiqishning qonunda belgilangan muddati buzilgan. Bu masala yuzasidan ham tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlangan.

Aholi murojaatlariga yechim topishda rahbarlarning joylarda sayyor qabullar o‘tkazishi yaxshi samara bermoqda. Yilning birinchi yarmida viloyatda sektor rahbarlari tomonidan 2345 marta sayyor qabul o‘tkazilib, 15 ming 760 nafar fuqarodan jami 16 ming 290 ta masala yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Bu murojaatlarning 63 foizi ijobiy hal etilgan.

Ammo, mahalliy darajada hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasligi, mas’ullar tomonidan aholiga mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha tezkor va ishonchli axborot taqdim etilmayotgani oqibatida respublika darajasidagi rahbarlar, jumladan davlat rahbari qabulini tashkil etish so‘rovlari tushishda davom etmoqda. Xususan, viloyat aholisidan rahbarlar shaxsiy qabulini so‘rab 489 ta, jumladan, davlat rahbari qabuliga kirish masalasida 208 ta murojaat kelib tushgan.

Muammolar joylarda o‘z yechimini topmaganligi tufayli 6 oy davomida 393 nafar fuqaro 660 ta masala bo‘yicha Toshkent shahriga borib, Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Bu fuqarolarning 208 nafari Samarqand shahridan, 95 nafari Past Darg‘om, 53 nafari Toyloq, 51 nafari Urgut va 41 nafari Paxtachi tumanida yashovchilardir.

Viloyat tashkilotlarining ko‘p murojaat qiluvchi fuqarolar bilan manzilli ishlash darajasi ham sustligicha qolmoqda. Jumladan, yarim yilda 333 nafar fuqaro 10 martadan 50 martagacha, 10 nafari 50 martadan ko‘p murojaat qilgan.

Yarim yillik faoliyat sarhisobi hamda aholining talab va takliflaridan kelib chiqib, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, sektor mas’ullari fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, joylarda sayyor qabullar o‘tkazish orqali ular bilan bevosita muloqot qilib, mavjud muammo va kamchiliklarga o‘z vaqtida yechim topishlari zarur bo‘ladi.

Mamatjon Turdiyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri.