Futbol: Yeryong‘oq sotuvchisiga "qizil kartochka" 

Futbol hakami Mate Fransiyada o‘yindan so‘ng alamzada ishqibozlardan qo‘rqmay stadionni xotirjam tark etgan yagona arbitr bo‘lsa kerak. Gap shundaki, janob Matening shaxsiy tansoqchisi politsiya maktablaridan birida dzyudodan dars beruvchi ayol edi. Stadion darvozasida eng ashaddiy futbol ishqibozi ham hakam yonida uni ko‘rgach yuvosh bo‘lib qolardi.

***

Angliyaning «Bredford» futbol klubi ishqibozlari o‘z jamoalarini yomon qo‘llab-quvvatlashardi. Klub rahbariyati muammoni o‘rganishga qaror qildi. Tadqiqotdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, o‘yin chog‘ida minbardagi ishqibozlar yeryong‘oq sotuvchi bilan ovora bo‘lib hayqirishni unutishar ekan. Darhol ishqibozlarni o‘yindan chalg‘itgan yeryong‘oq sotish taqiqlandi.

***

Germaniyaning «Bayer» futbol klubi prezidenti 60 yoshli Vilgelm Noydeker nevarasi Markus tug‘ilganda unga va oila a’zolariga klub o‘yinlarini bir umr tomosha qilish uchun abonement solingan guldasta taqdim etdi.

*** 

Bir paytlar Angliyada futbol ishqibozlarining xulq-atvori jiddiy muammoga aylangandi. O‘shanda mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti «Agar yaqin orada biz o‘yinlarni ishqibozlarsiz o‘tkazish haqida qaror qilsak ajablanmayman» deya bayonot bergandi. Lekin bunday bo‘lmadi. O‘yinlarni yopiq stadionlarda ishqibozlarsiz o‘tkazishga bugun koronavirus pandemiyasi majbur etdi. 

«Futbol kaleydoskop»idan T.Murod tayyorladi.