Futbol: Ko‘chma kubok yoshlarga nasib etdi

“Dinamo” PFK futbol maktabida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostidagi futbol festivali bo‘lib o‘tdi.

Mazkur “Kasaba uyushmasi kubogi” uchun mini futbol musobaqasi Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi viloyat birlashgan qo‘mitasi tashabbusi bilan takshil etildi. Unda tarmoq tizimiga kiruvchi korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlari bellashdi.
Xususan, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat yoshlar siyosati va sport, madaniyat, turizm va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari, viloyat teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining bosma ommaviy axborot vositalari, Samarqand davlat muzeylar qo‘riqxonasi jamoalari maydonda to‘p surdi.
- Bu kabi bellashuvlar bizning nafaqat jismonan chiniqishimiz, balki ishchanlik qobiliyatimizning oshishiga ham xizmat qiladi, - deydi “Past Darg‘om haqiqati” gazetasi muxbiri Firdavs Abdujabborov. – Qolaversa, ijodiy muloqotlar olib borishga ham imkon yaratadi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, ko‘chma kubokni Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi jamoasi qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rinni Yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi jamoasiga nasib etdi.

Husan ELTOYeV.