Futbol: Terma jamoamiz Qatarda maydon egalariga qarshi o‘ynaydi
Yana ikki kundan keyin, 14 noyabr kuni futbol bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichi doirasida guruh bahslarining 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhida Qatarga qarshi safarda o‘yin o‘tkazadi. O‘yin 14 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:15 da boshlanadi.
Aytish o‘rinliki, futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets ayni kunlarda Qatarda. U 10 noyabr kuni Doxa shahriga borib, milliy jamoaning mashg‘ulotlariga qo‘shilgan. Bilasiz, Katanets betobligi sabab oktyabr oyidagi yig‘inlar va ikki muhim o‘yinni o‘tkazib yuborgan edi. Terma jamoamiz bosh murabbiyi betobligi bois ushbu bahslarda jamoani o‘yinlarga uning yordamchisi Vlado Radmanovich tayyorladi.
Xo‘sh, O‘zbekiston terma jamoasi Qatar terma jamoasiga qarshi qanday o‘ynagan? Keling, ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlar statistikasi bilan tanishaylik.
Jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan umumiy 15 o‘yinning 9 tasida terma jamoamiz zafar quchgan bo‘lsa, 4 ta o‘yinda imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Qolgan 3 uchrashuv durang bilan yakunlangan.
Ular o‘rtasidagi ilk o‘yin 2001 yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan. Mazkur to‘qnashuvda terma jamoamiz 2:1 hisobida zafar quchgan. So‘nggi o‘yin esa joriy yil Qatarda o‘tgan Osiyo kubogi chorak finali doirasida o‘tkazilgan va unda futbolchilarimiz penaltilar seriyasida alamli tarzda imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Umid qilamizki, bo‘lajak o‘yinda muxlislar o‘sha alamli mag‘lubiyatni unutib, termamiz g‘alabasini tantana qiladi.
Eslatib o‘tamiz, saralash bahslarining 4-tur yakuniga ko‘ra “A” guruhida Eron va O‘zbekiston termalari ochkolarini 10 taga yetkazib oldi. BAA hamda Qatar 4 ochko bilan 3-4 pog‘onalarga joylashdi. Qirg‘iziston 3 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinda bormoqda. KXDR hamon 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinda.
Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari bahsini koreyalik hakamlar brigadasi boshqarishini belgiladi. O‘yinni Kim Jong Xeok bosh hakam sifatida boshqarsa, unga qanotlarda Park Kyunyong va Jang Jongpil yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam sifatida Chae Sang Xeop faoliyat yuritadi. VARda esa Kim Heegon ishlaydi.
Futbolchilarimizga omad yor bo‘lsin!