FVV kuchli yomg‘irlar oqibati haqida rasmiy ma’lumot berdi

2019 yil 5-7 aprel kunlari O‘zbekistonda hududlarida kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lib o‘tdi. Ushbu yog‘ingarchiliklar bahor oylarida bir oyda yog‘adigan yog‘in miqdori bir-necha soat ichida yog‘ib o‘tganligi natijasida Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlardagi sel toshqin yo‘llaridagi ayrim xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan, deb xabar bermoqda FVV.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy FVDqT xizmatlari kuch-vositalari jalb qilinib, yomg‘ir suvlari kirgan xonadonlarning tomorqalaridan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilgan.

Shuningdek, holat yuzasidan viloyatlar hokimliklarida shtab ishi tashkil etilib, yomg‘ir natijasida viloyat hududida yuzaga kelgan vaziyatga aniqliklar kiritilmoqda.

Samarqand viloyati Samarqand shahri hududida 5 aprel kuni surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 7 aprel kuni viloyat hokimi topshirig‘iga asosan viloyat FVB, IIB, Arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi, Samarqand shahar hokimligi, Kadastr xizmati, Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi, Gaz va Elektr ta’minoti xizmatlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, Samarqand shahridagi A.Jomiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Obi Rahmat, Bo‘stonsaroy, Dahbid, Istiqbol, Mir Said Baraka, Ro‘dakiy, Motrid, Buyuk ipak yo‘li, Zarafshon temir yo‘l stansiyasi ko‘chalarida joylashgan yakka tartibdagi aholi hovlilarining yomg‘ir suvlaridan zarar ko‘rgan aholi xo‘jaliklarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish tadbirlari olib borilgan.

Respublika bo‘yicha talafotlarni bartaraf etish uchun FVDqT xizmatlarining 605 nafar xodimi va 115 ta texnikasi jalb etilgan.

Bundan oldin, «O‘zbekiston temir yo‘llari» Dehqonoboddagi hodisaga izoh bergandi.