G‘oyib bo‘lgan samolyotlar qanday qilib XX asrning eng mudhish voqeasiga aylandi

Bundan 75 yil muqaddam - 1945 yilning 5 dekabr kuni Fort-Loderdeylidagi AQSh Harbiy dengiz kuchlari bazasidan Bagam orollari tomon «Evendjer» tipidagi torpedo eltuvchi 5 bombardimonchi samolyot havoga ko‘tarildi. Uchish mashq bo‘lib, uning maqsadi bomba tashlash mashg‘ulotidan iborat edi. Ammo ushbu samolyotlar bazaga qaytmadi. Buning ustiga, ularni qidirish chog‘ida yana bir «Martin Marner» gidrosamolyoti izsiz yo‘qoldi.

Martin PBM «Маринер» один из лучших гидросамолетов Второй мировой | Красные  соколы нашей Родины

Bu hodisa jahon aviatsiyasi tarixida aqlbovar qilmas g‘ayrioddiy va mudhish voqeadir. «Aftidan, biz oppoq suv qa’riga tushib boryapmiz... biz butunlay adashdik» - bu beshala samolyotga boshchilik qilayotgan leytenant Teylorning so‘nggi so‘zi. To‘g‘ri, 1974 yilda radiohavaskor jurnalistlar bilan o‘sha mudhish kun efirda eshitgan xabarni baham ko‘rdi: «Mening orqamdan kelmang. Ular koinotdan kelganlarga o‘xshaydi». Bu aynan Charlz Teylorning oxirgi so‘zi edi.

O‘sha kuni uchish hududida havo ajoyib edi, zvenoni tajribali uchuvchi-instruktor boshqardi, yonilg‘i yetarli g‘amlab olingandi. Samolyotlar o‘sha davrning eng mukammal asbob-uskunalari – girokompas, qudratli radiostansiya, suv ustidagi nishonni aniqlaydigan radarlar bilan jihozlangandi. Shunga qaramasdan, ular bazaga qaytib kelmadi: beshala samolyot va 15 epikaj a’zolari qayerdadir okean ustida yo‘qoldi. Qidiruv hech qanday natija bermadi. Qutqaruv operatsiyasi chog‘ida 13 kishidan iborat ekipajga ega uchuvchi samolyot-qayiq «Martin Mariner» g‘oyib bo‘ldi.

Uchuvchilar bilan olib borilgan so‘zlashuvlardan ma’lum bo‘lishicha, 5 samolyotdan iborat «19 zveno» deb ataluvchi guruh ko‘zlangan manzilga yetib borgan, o‘quv topshiriqni bajargan va orqaga yo‘l olgan. Biroq, kutilmaganda leytenant Teylor yo‘ldan adashganini xabar qilgan dispetcher koordinatlarni so‘raganida komandir: «Joyni aniqlay olmayapmiz, aftidan adashganga o‘xshaymiz» deb javob bergan. G‘arbga – Florida tomonga uching, deb qilingan taklifga “Priborlar ishdan chiqqan, dunyoning tomonlarini aniqlashning iloji yo‘q”, degan javob olingan. So‘ngra baqiriq-chaqiriq, so‘kinish eshitilgan...

AQSh harbiy havo kuchlari tekshirishda hodisaga «inson omili»ni aybdor deb topgan: Charlz Teylor mo‘ljal olishda xatoga yo‘l qo‘ygan. Ular ustidan uchib o‘tgan Florida Kis arxipelagini orol deb o‘ylashgan. Priborlar ko‘rsatuviga emas, ichki hissiyotga ishonishgan, bundan avval ham shu manmanlik tufayli ikki marta suvga qo‘ngan holat bo‘lgan ekan. 5 dekabr kuni Florida tomonga uchib borishayotganiga ishongan zveno qirg‘oqdan okean ichkarisiga og‘ib ketgan. Oxir-oqibat yonilg‘i tugagach, samolyotlar Atlantika okeani qa’riga g‘arq bo‘lgan.

Ammo «Yer sayyorasining jazavasi» kitobi muallifi Boris Ostrovskiy bu hodisa haqida boshqacha fikrda. «Uchuvchilarning so‘zlariga qaraganda, ular okean ustida juda uzun to‘lqinni ko‘rishgan. O‘rkachdan o‘rkachgacha ularning uzunligi o‘nlab kilometrga yetgan. Bunday uzun to‘lqin odatda okean tubida katta maydonda ro‘y beradigan zilzila oqibatida vujudga keladi. Parvoz hududida g‘oyib bo‘lgan samolyotlar ana shu suvosti zilzilasi iskanjasiga tushib halok bo‘lgan», deydi Ostrovskiy.
Biroq, oradan 75 yil o‘tishiga qaramasdan, samolyotlarni izsiz g‘oyib bo‘lishining haqiqiy sababi hamon jumboqligicha qolmoqda, deb yozadi «AiF» (2020 y. 510-son) haftanomasi.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.