G‘alla maydonlarida uchraydigan begona o‘tlarga qarshi qanday kurashish kerak?

Respublikamiz g‘allazorlarida begona o‘tlarning 200 ga yaqin turi uchraydi. Ular qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazadi, hosil miqdori va sifatini pasaytiradi.

Begona o‘tlar g‘alla nihollariga nisbatan o‘ta agressiv bo‘lib, ildizidan ajraladigan xolin va blastoxolin kimyoviy moddalari ta’sirida ekinlarning urug‘larini unib chiqish darajasi pasaytiradi. Tuproqdagi namlik (suvni 330-1900 marta) va mineral ozuqalarni madaniy o‘simlikka nisbatan 10 marta ko‘p iste’mol qiladi.

Begona o‘tlarning zararini oldini olish maqsadida bug‘doy 2-3 ta barg chiqargandan naychalash davrigacha, unib chiqqan begona o‘tlarning bo‘yi 10-15 sm bo‘lgan davr, ya’ni aprel oyigacha kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi zarur. Bir yillik ikki pallali begona o‘tlar (jag‘-jag‘, yovvoyi sabzi, yulduzo‘t, olabuta, ituzum, bangi-devona, ismaloq, lolaqizg‘aldoq, raps, chumchuqtil, sho‘ra, moychechak kabilar)ga qarshi “Tribenuron-metil” asosli preparatlarni gektariga 20 gramm hisobida qo‘llash tavsiya etiladi. OVX va shtangali purkagich bilan sepilganda, 1 gektar maydonga 20 gramm preparat hisobida 600 litr suvga 40 gramm miqdorda qo‘shib, 2 gektar maydonda ishlov o‘tkaziladi. Motorli qo‘l purkagichi bilan sepilganda, 10 litr suvga 0,5 gramm hisobida qo‘shib 2,5 sotix maydonga qo‘llaniladi. Ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlar (qo‘ypechak, otquloq va boshqalar)ga qarshi “Fluroksipir” asosli preparatlar gektariga 0,75-1,0 litr hisobida, “Flumetsulam+florasulam” asosli preparatlar gektariga 0,05-0,06 litr hisobida, “Tribenuron metil+tifensul furonmetil” asosli preparatlar gektariga 30 gramm hisobida qo‘llanadi. OVX va shtangali purkagich bilan sepilganda, 1 gektar maydonga 0,5 litr preparat sarfi hisobida 600 litr suvga 1 litr miqdorda qo‘shib, 2 gektar maydonga qo‘llash tavsiya etiladi. OVX va shtangali purkagich bilan ishlov o‘tkazilganda 1 gektar maydonga 0,4 litr preparat sarfi hisobida 600 litr suvga 0,8 litr miqdorda qo‘shib, 2 gektar maydonga qo‘llash maqsadga muvofiq. Motorli qo‘l purkagichi bilan 10 litr suvga 10 ml hisobida qo‘shib, 2,5 sotix maydonga qo‘llash lozim.

Odiljon Shomurodov,

O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Past Darg‘om tumani fitosanitar davlat nazorati inspektori.