G‘am, tashvishni qancha ko‘tarib yurish mumkin?

Hayot falsafasi fanidan dars o‘tayotgan professor auditoriyaga qo‘lida idish ko‘targancha kirib keldi. U hamma ko‘rishi uchun idishni balandroq ko‘tarib:
– Buning og‘irligini biladiganlar bormi? – so‘radi.

- “100 gramm! 300 gramm! 500 gramm” – degan javoblar yangradi.
– O‘lchamasdan turib, buni aniq aytish qiyin. Lekin mening savolim shunday: agar buni bir daqiqa ko‘tarib tursam, nima bo‘ladi?
– Hech nima, – talabalardan biri javob berdi.
– Yaxshi. Agar bir soat ko‘tarib tursam-chi? – yana so‘radi professor.
– Qo‘lingiz og‘riydi, – dedi bir talaba.
– To‘ppa-to‘g‘ri! Agar bir kun shu ko‘yi tursam nima bo‘ladi?
– Qo‘lingiz uvushib, hech narsani sezmaydi, muskullaringiz toliqib, joningizni azoblaydi. Keyin sizni kasalxonaga olib ketishadi, – talaba qizning kuyinchaklik bilan qaytargan javobi auditoriyaning kulgisiga sabab bo‘ldi.
– To‘g‘ri, ayting-chi, bu idishni uzoq ko‘tarib turganimda uning vazni ortadimi? Tanim shuning uchun azoblanadimi?
Auditoriya bir ovozda “Yo‘q!” deya javob qaytardi.
– Bu azobdan xalos bo‘lishim uchun nima qilishim lozim?
– Idishni yerga qo‘ying!
– To‘ppa-to‘g‘ri! Unutmang, hayotdagi muammo, tashvishlar ham shunga o‘xshaydi: qancha uzoq ko‘tarib yursangiz, ular sizni shunchalar ko‘p qiynoqqa soladi, – fikrini yakunladi professor.