Gaz masalasida nega Payariqdan murojaatlar ko‘p?

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasiga suyultirilgan gaz muammolari bo‘yicha Samarqand viloyatidan 500 dan ortiq murojaat tushgan. Bu murojaatlarning qariyb 50 foizi Payariq tumanidan yuborilgan? Buning sababi nimada, tumanda suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammolar shunchalik ko‘pmi?

Shu va boshqa savollarga javob topish, aholi bilan muloqot qilish uchun “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Tohirjon Turdiyev Payariq tumanida bo‘lib, eng ko‘p murojaat yo‘llagan  Taraqqiyot va Ilg‘or mahallalari aholisi bilan uchrashdi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Taraqqiyot mahallasidagi uchrashuv chog‘ida “temir daftar”ga kiritilgan H.Qozoqova maishiy gaz ballon olish uchun 125 ming so‘m pulini olib, sarson qilgan tuman gaz ta’minoti korxonasi xodimi Akbar Qayumov ustidan shikoyat qildi.

T.Turdiyev tizimda korrupsiyaga qarshi kurash ish olib borayotganligiga qaramasdan, ayrim vijdonsiz xodimlar uchrayotganini ta’kidladi. Jumladan, “Payariqtumangaz” bo‘limida suyultirilgan gaz ta’minoti mutaxassisi lavozimida ishlagan Akbar Qayumovga nisbatan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi ma’lum qilindi. H.Qozoqovaga 125 ming so‘m pulini undirib berish nazoratga olindi.

Ilg‘or mahallasi aholisi bilan uchrashuvda tuman gaz ta’minoti korxonasining hududga biriktirilgan xodimlari to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlari uchun 26 ming so‘mdan haq olib, o‘rnatish xizmatini amalga oshirmagani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holatga yo‘l qo‘ygan xodimlar vazifasidan ozod etildi.

“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari tizimdagi muammolarni bartaraf etish uchun ayni paytda zamonaviy ID kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish mexanizmi yaratilayotgani, yaqin orada gaz ballonlarga chiplar o‘rnatilishini ta’kidladi.