Gazeta kimga va nima uchun kerak?
1968 yilda birinchi maqolam chiqqan, 1975 yilda esa tahririyatga ishga kirganman. O‘shandan buyon hayotim matbuot bilan bog‘liq, ya’ni nasibam shu sohadan. Lekin aytmoqchi bo‘lgan mulohazalarim «qo‘ng‘iz ham bolasini oppog‘im deydi», naqlidan yiroq.
Kamina shu sohadan non topayotganim uchungina emas, balki matbuotning hayotdagi kuch-qudratini ko‘rganim, mohiyatini sezganim uchun ayrim fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Dunyoda juda ko‘p mo‘’jizalar yaratilgan, lekin ular tasodifiy emas, xalqning ehtiyoji, iqtidorning zakovati tufayli yuzaga keladi. Muhimi, hayotimizning bir bo‘lagiga aylanadi. Va bu mo‘’jizalar eskirganini, yo‘qolganini hayotiy tajribamda ko‘rmaganman. Aytaylik, kitob, elektr chirog‘i, radio, televideniye, telefon. Gazeta ham shularning ichida. Garchi ko‘rinishi, shakli o‘zgargani bilan ularning mohiyati, ahamiyati yo‘qolgan emas. Binobarin, ularni yo‘qotishga urinish ham nodonlik bilan barobar.
Gazeta, ya’ni bosma nashr mo‘’jiza sifatida hayotimizga kirib kelgan. Avvaliga reklama, keyinchalik esa yangiliklar va mulohazalar vositasi sifatida jamiyatni birlashtirishga xizmat qilgan. Va bugungi kunda ham ana shu vazifasini bajarib kelmoqda. Albatta, kimdir har qanday mo‘’jizadan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga harakat qiladi. Boshqacha aytganda, kitob chiqarib yoki chop etib boyib ketganlar, telefondan qurol sifatida foydalanayotganlar, elektr quvvatini ham manfaatiga bo‘ysundirayotganlar yo‘q emas. Bir paytlar skanvord, reklamali gazetadan pul qilganlar ko‘p edi. Bunday holat ilgari ham bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Shu sababli biz bir paytlar mo‘’jiza sifatida insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan holatlarga baho berishda taroziga, albatta, adolat posangisini qo‘ymog‘imiz zarur.
Matbuot jamiyatning jarchisi bo‘libgina qolmasdan, allomalarning biri aytganidek, xalqning fikrini mushtarak etuvchi, yoki buyuk jadid Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek, tilimizning sofligi uchun kurashuvchi hamdir. Matbuotga munosabatimizda uning barcha imkoniyatlarini va xizmatlarini hisobga olishi zarur.
Albatta, jamiyatning o‘zgarishi, tizimning o‘zgarishi undagi siyosiy kuchlarning, boshqaruv vositalarining, hatto ijtimoiy munosabatlarning ham ayrim jihatlarini o‘zgartirishi tabiiy. Bunday paytda har kim ko‘rpani o‘ziga tortishi bor gap. Lekin biz ma’naviyatimizdagi qaysidir vositani almashtirmoqchi bo‘lganimizda, nimanidir o‘zgartirmoqchi bo‘lganimizda uning o‘rniga topgan narsamiz bizning ehtiyojlarimizni qondira oladimi, degan savolga ham javob topishimiz kerak.
Gazeta – hayotning aksi, tarix ifodasi. Yillar o‘tib, biz undagi bitiklar orqali hayotimizni tahlil qilamiz, baho beramiz. Ayrimlar aytganidek, muayyan bir davrda gazetalarimiz faolligi susaygan bo‘lsa, uni yo‘qotish emas, balki jonlantirish yo‘llarini qidiraylik. Chunki gazeta o‘qimaslik, eng avvalo, kishining (yoshi kattalarni nazarda tutyapman) savodini xiralashtiradi, mutolaa zavqidan bebahra qoldiradi. Gazeta o‘qimagan odam real voqelikni emas, odamlar bilan, yaqinlari bilan ko‘chadagi gaplarni muhokama qiladi va eng yomoni, ana shu odatga ko‘nikib qoladi.
Gazetaning inson ruhiyatiga ta’siri shundaki, u ichki intizomni o‘rgatadi, ya’ni har kim yozgan so‘ziga, aytgan so‘ziga javob beradi. Binobarin, bu gapni, bu yozuvni o‘chirib ham, kuydirib ham bo‘lmaydi - tarixda qoladi.
Gazeta odamni mushohadaga o‘rgatadi. Undagi maqolani o‘qib, fikr bildirasiz, mulohazalaringizni yozasiz.
Yashirib o‘tirmayman, hozirgi kunda gazetaga qarshi chiqayotganlarning aksariyati o‘zining munosabatini madaniyatli tarzda va tartib-taomili bilan ko‘pchilikka namoyish qilmayapti. Chunki gazeta qo‘pollikni, birovning nafsoniyatiga tegish, yolg‘on axborot berish holatlarini hazm qilmaydi.
Gazeta hech narsaga, hech qachon raqobatchi bo‘lmagan: televideniyega ham, telefonga ham, internetga ham. Chunki uning vazifasini boshqa hech qaysi axborot vositasi bajara olmaydi.
Majburiy obuna haqida ko‘p gapirildi. Ba’zan o‘ylanib qolaman. O‘qituvchilarning malaka oshirishlari, ayrim kasb egalarini qayta tayyorlash, seminarlar o‘tkazish ixtiyoriy tarzda bo‘lyaptimi? Unda nega biz odamlarni, uyushmagan aholining ma’naviyatini oshirish uchun qilayotgan sa’y-harakatimizni majburiy deb baholashimiz kerak? Qani, bu ishni kim ixtiyoriy qila oladi? Qaysi bir davlatda gazetalarda faqat kimnidir tanqid qilish yoki kamchiliklarnigina ko‘rsatish vazifasi qo‘yilgan?
Yana bir mulohaza: aynan majburiy obuna iborasini o‘ylab topganlar, butun respublika bo‘yicha aynan obunani uyushtirish uchun yuzlab MChJlar ochganiyu tashkilotlarning, odamlarning qanchadan-qancha mablag‘larini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirib ketganliklarini ko‘rmay turibmizmi? Agar obuna majburiy bo‘lsa, bu holatga nima deysiz?
Bugun jamiyatdagi ma’naviy qusurlar, qo‘sh diplom bilan ham bir sahifa ma’lumotnomani eplab yoza olmayotgan mutaxassislar, fikrlarini birovlarga aytib yozdirayotgan rahbarlar saviyasi muayyan miqdorda gazeta o‘qimasligimizdan ham kelib chiqmoqda. Chunki gazeta bizga munosabat bildirish malakasini o‘rgatadi, savodimizni charxlaydi, dunyodan xabardor etadi. Shunday ekan, kamina bunday sharafli vazifa davlat himoyasida bo‘lmog‘i shart deb hisoblayman.
Juda ko‘p mamlakatlarda davlat o‘z nashrlarini o‘zining hisobidan chiqarib, xalqqa tarqatadi. Chunki u ma’rifatli, dunyodan xabardor, davlat siyosatini biladigan fuqaro saviyasidan manfaatdor. Jurnalist esa bu borada ana shu vazifaning ijodiy qismini bajaradigan erkin shaxsdir.
Davlatimiz rahbari Samarqanddagi uchrashuvlarning birida bugungi davr shiddati odamlardan yuksak ma’naviyatli, bilimli, savodli bo‘lishni talab qilayotganligini aytar ekan, endigi rahbar o‘z xodimlarida ana shu fazilatlarni ham shakllantirishi zarurligi talabini qo‘ydi. Ya’ni, xodimlarni teatrga, kinoga, konsertlarga olib borish, tashkilotda turli badiiy dastalarni tashkil etish - bu xodimlar madaniyati yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ana shu o‘rinda men gazetani ham qo‘shishni istardim. Negaki, ijtimoiy faollikning manbai, eng avvalo, kitob va kundalik gazeta-jurnallardir.
Xulosam shu: ma’naviy ehtiyojni pulga chaqish mumkin emas, tahririyatlarni davlat, azbaroyi, o‘z siyosatining targ‘ibotchisi sifatida yuz foiz qo‘llab-quvvatlamog‘i, ayniqsa, ziyoli qatlamning muntazam gazeta o‘qishi uchun imkoniyat yaratmog‘i zarur. Zamona zayli, davr talabi bilan har bir ijodiy jamoa va jurnalist o‘zgarib boraveradi va shunday bo‘lyapti ham.
Farmon Toshev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.