Gender tenglikda qolip qarashlar ko‘p, ammo yutuqlar ham bor
Oliy Majlis Senati hamda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston milliy gender strategiyasining amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash orqali tenglikka erishish” qo‘shma loyihasiga ko‘ra, samarqandlik zaxiradagi rahbar va siyosiy partiyalardagi ayollar qanotlari hamda viloyatlardagi mahalliy Kengashlarning vakillari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Unda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari tomonidan xotin-qizlarning siyosiy hayotda ishtirok etishi va yetakchilik qilishidagi to‘siqlarni bazaviy tadqiq etish natijalari, yetakchi ayollar gender tenglik faollari kabi mavzularda chiqishlar qilindi.
- O‘zbekiston 2016 yildan beri gender tenglik va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasida muvaffaqiyatga erishdi, - deydi loyiha rahbari Nigora Madazimova. - Mamlakatimizda gender tenglik bo‘yicha qonunlar qabul qilindi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun himoya orderlari berish va ularni uzaytirish amaliyoti boshlandi. O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi davrida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralari ko‘rildi. Bu Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.
2021 yil 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2030 yilga qadar mamlakatimizda gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. O‘zbekistonning gender sohasidagi amaldagi qonunchiligi Jahon bankining 2022 yildagi “Ayollar, biznes va huquq” reytingida 135-o‘rinni egalladi (Yevropa-Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha o‘rtacha ball 84,1, O‘zbekiston bo‘yicha – 70,6 ball).
BMTning Gender tengsizlik indeksi bo‘yicha mamlakatlar reytingida (2022 y.) O‘zbekiston 56-o‘rinda, Daniya 1-o‘rinda, Yaman 170-o‘rinda, Qozog‘iston 41-o‘rinda, Tojikiston 68-o‘rinda, Qirg‘iziston 87-o‘rinda.
Bu masalada qator stereotiplarning mavjudligi hali ko‘p ishlar bajarilishi lozimligini bildiradi. Xususan, ayollarning faqat ta’lim va meditsina sohasida ishlashi, rahbar ayollar foizi kamligi, ayolning ta’lim olishi shart emas, ro‘zg‘or ishlari uning vazifasi kabi qarashlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, seminar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ushbu tizimda qabul qilingan ayol nomzodlarga oid 30 foizlik kvotaning 40 foizga oshirilishi mavzusida ham fikr-mulohazalar bildirildi.