General Sobir Rahimov roliga nega Zikir Muhammadjonov tanlangan edi?

Mashhur o‘zbek sarkardasi general Sobir Rahimov haqida gap ketganida, ko‘pchilik yurtdoshlarimizning ko‘z o‘ngida ustoz san’atkor, O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov siymosi gavdalanadi.

Mahoratli aktyor Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan qahramon obrazini me’yoriga yetkazib ijro etgan. U bu natijaga erishish uchun o‘ziga xos tayyorgarlik va sinovlardan o‘tganligi ham aytiladi. Quyida milliy teatrimizning ulug‘ darg‘alaridan biri - Zikir Muhammadjonovning bu boradagi xotiralarini e’tiboringizga havola qilishni joiz deb topdik.

 Ikkinchi jahon urushi yillari teatrimiz jamoasi xalqimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan qator asarlarni sahnalashtirgan. 1942 yilda Hamid Olimjonning “Muqanna”, 1944 yilda Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” pesalarini namoyish etganmiz.

O‘shanda dramaturg Komil Yashinni general Sobir Rahimovning jangovar hayoti haqida asar yozish qiziqtirib qolgan edi. U o‘z pesasini teatrimiz jamoasiga o‘qib berdi. Asar bizga ma’qul bo‘ldi. 1949 yilda rejissyor Yetim Bobojonov uni sahnalashtirishni mo‘ljalladi. Sahna bezaklari O‘zbekiston xalq rassomi Hamidulla Ikromovniki edi. Rollar taqsim qilindi. Asosiy rol Shukur Burhonovga topshirildi. Men siyosiy bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Sanyuk rolini ijro etadigan bo‘ldim.

Asar 1950 yilda sahnada qo‘yilgandi. Keyinchalik kinorejissyor Zohid Sobitov Sobir Rahimov haqida film yaratishga kirishgandi va menga bosh rol taqdim etildi. Men general hayoti haqida ko‘p narsalarni bilsam ham uni yaxshi bilganlar bilan uchrashib, suhbatlar qildim. Yanglishmasam, Sobir Rahimov bilan 1944 yili uchrashganmiz. Men u kishiga o‘xshamasligimni bilar edim. Yana o‘zimga tasalli berar edimki, teatrda shu rolni ijro etgan Shukur Burhonov ham tashqi qiyofada unga sira o‘xshamas edi.

Sobir Rahimovni ko‘rgan-bilganlarning suhbatlaridan menga eng ko‘p yordami tekkani Tamaraxonim va Gavharxonim bilan bo‘lib o‘tgan muloqot  edi. Ularga ko‘ra, general Rahimov nihoyatda vazmin odam bo‘lgan. U oddiy askarlarga doimo g‘amxo‘r bo‘lgan. Unda soddalik, samimiylik ustun bo‘lgan. O‘zbekiston tarixi muzeyidan generalning kiyimidan bo‘lak hech qanday arxiv hujjatlari topa olmaganman. 

Ochig‘i, men uning qarindoshlaridan ham general haqida durust ma’lumot ololmaganman. Ammo rolni qanday ijro qilish haqida Shukur Burhonovdan oq fotiha olgani borganimda, u kishi: “Ruhingda ikkinchi plan sezilib tursin”, dedi. Men o‘zimcha rolga otlanar ekanman, buni Vatanni himoya qilish dardi ruhimda bilinib turmog‘i kerak, deb tushundim. Ikki ustozning ikki so‘zi doim qulog‘imda jaranglaydi. Bundan birini yuqorida zikr etgan bo‘lsam, ikkinchisi, Abror Hidoyatovning “kindikdan gapir”, jumlasidir.

Biz 1967 yilning 25 iyunida Toshkentdan Rigaga uchdik. Suratga olishimiz zarur bo‘lgan Rigadan 100 kilometr masofadagi shaharcha – Sesis degan joyga bordik. Men general Sobir Rahimovning otga munosabatini ko‘rsatish lavhasiga qiziqib qolgan edim. Albatta, bu lavhani Ikkinchi jahon urushi jarayonida ko‘rsatib bo‘lmas edi-yu, lekin generalning otliq armiyada xizmat qilganligini ko‘rsatish joiz edi. Sobitov ham generalning ot bilan bo‘ladigan sahnasini ko‘rsatishni ko‘p o‘ylab ko‘rdi. Hatto buning uchun Toshkentdan ot ham olib borilgan edi. Havo yurishib ketishi bilan meni bir xonadonga ko‘chirishdi. Otni ham o‘sha yerga olib borishdi-da, ot bilan mashq qilishni, unga qarab turishni o‘zimga topshirishdi. Men, albatta, bundan nihoyatda xursand bo‘ldim.

O‘sha yillari Sesisda harbiylar ko‘p edi. General formasida birinchi kun ko‘chaga chiqar ekanman, xayolim qochganidanmi yoki general formasidaligimni unutganimdanmi, ro‘paramdan kelayotgan oddiy askarga “chest” berib o‘tibman. Modomiki, general bo‘lganimdan keyin ustavga rioya qilib, men emas, u chest berib o‘tishi kerak edi. Shunday kunlarning birida haqiqiy generalga ham duch kelib qolganman. General bo‘lganda ham unvoni menikidan yuqori, ya’ni general-leytenant edi. Nima bo‘lsa, bo‘lar deb, unga ro‘baro‘ kelganda chest berib, salomlashib o‘tdim. Yaxshiyam to‘xtatib, hujjat so‘rab qolmaganiga shukur qilar edim.

Vaziyat odamning ruhini o‘zgartiradi, deganlari rost ekan. Sahna san’atida ham shunday qoida bor. Men o‘zimni general deb his qiladigan bo‘lib qolgan edim. Sobitovning endi suratga olishni boshlasa bo‘ladi, deb operator Travitskiyga shivirlaganini eshitib, ich-ichimdan quvongandim. Eng og‘ir ommaviy sahnalarni suratga olish mo‘ljallandi. Ochig‘ini aytganda, bu filmda yengil sahnalarning o‘zi yo‘q edi.

Bir ko‘rinishda jang maydonida yerlar portlashi, general esa o‘z komissari bilan avtomobilda shu o‘t ichidan o‘tishi kerak. Bunda portlovchi moddalar ishlatiladi. Ular esa odamni jarohatlashi mumkin. Shu bois portlovchi moddalar ko‘milgan joylar aniqlanib, mashina haydovchilariga ularni bosib o‘tmaslik uqtirildi. Har ehtimolga qarshi haydovchining o‘zi u yerdan mashinada bir necha bor o‘tdi. Oxirida rejissyor Zohid Sobitovning o‘zi o‘sha mashinada o‘tib ko‘rdi.

Bu filmda suratga olish lozim bo‘lgan hamma lavhalar biri-biridan qiyin edi. Zero, jangda ham g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi. Shuni ishonarli aks ettirishni eplay olmasang, film olishga urinmay qo‘yaqol, der edi Sobitov.

Kinofilmda diviziya qamaldaligida Rahimovning Frike bilan uchrashgani ko‘rsatiladi. Shunda Frike: “Biz Toshkentda bo‘lamiz”, deydi. Mening ko‘zlarim chaqnab ketadi. “Nahotki xalqim qullikka mahkum”, degan xayol miyamga uriladi. Va bir oz o‘zimni bosib olgach, “Jo‘jani kuzda sanaydilar!”, deb xitob qilaman. Film tayyor bo‘lib, xalqimizga namoyish qilingach, meni ko‘chada uchratganlar “Jo‘jani kuzda sanaymiz!”, deb qo‘yishardi. Shunda men ich-ichimdan filmda butun xalqimizning vatanparvarlik tuyg‘usi aks etganini sezardim. Chindan ham biz o‘z qahramonlarimiz bilan faxrlansak arziydi.

Zikir Muhammadjonov,

O‘zbekiston Qahramoni.