Geoolam, gipoteza, geotabassum...

Dunyoda har yili 140 million chaqaloq dunyoga keladi. Binobarin, har sekundda 3 nafar, har daqiqada 175 nafar, har soatda 10,4 ming nafar, bir kecha-kunduzda 250 ming chaqaloq tug‘iladi. Bu har 10 kunda dunyoga yangi Toshkent qo‘shiladi, deganidir.

Demografik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 80-yillarida dunyodagi eng ko‘p bolali ona chililik ayol bo‘lgan. Uning 55 nafar farzandi bo‘lib, u har gal egizak yoki uchtadan farzand ko‘rgan.

XX asrda Rossiyada ko‘p bolalilik an’anasi avj olgan. Masalan, mashhur hakim N.Pirogov oilada 13-farzand, buyuk kimyogar D.Mendeleyev 17-farzand bo‘lgan. Lev Tolstoyning 13 nafar bolasi bo‘lgan.

Saudiya Arabistonining birinchi qiroli Abdul Aziz Ibn Saud bo‘lib, u 1932 yildan to 1953 yilgacha hukmronlik qilgan. Uning 17 ta rasmiy xotini bo‘lgan. Hozirgi kunda qirol sulolasida turli darajada qarindosh bo‘lgan 5 mingga yaqin erkak bor. Mamlakatdagi barcha yuqori lavozimlarni  ushbu sulola vakillari bo‘lib olishgan.                                 

***

...Qazilma yoqilg‘ilar - neft, tabiiy gaz, ko‘mir va uran iqlim o‘zgarishida asosiy sabab hisoblanadi. Yoqilg‘i ishlatilganda va boshqa ishlab chiqarish jarayonlari atmosferaga uglerod qo‘shoksidi (SO2) metan, azot chalaoksidi va boshqalar chiqariladi. Ular yerni ko‘rinmas «ko‘rpa»ga o‘rab, issiqxona samarasi hosil qiladi va sayyoramiz haroratini saqlab turadi. Bu samaraning mavjudligi bizning sayyoramizni hayot uchun yaroqli qiladi.

Mabodo bu yoqilg‘i me’yordan ortiq yoqilsa, yer yuzida o‘rtacha harorat hatto 3-4 darajaga ko‘tarilsa, iqlim zonalari yuzlab kilometrga surilishi, dehqonchilik chegaralari ancha shimolga kirib borishi va juda katta maydondagi doimiy muzliklar tugab ketishi mumkin. Shimoliy muz okeanini qoplagan muzlar yozda erib, kemalar bemalol suzib yurgan bo‘lar, Moskva iqlimi Kavkaz ortining hozirgi iqlimiga o‘xshab qolar edi. Afrikadagi ekvatorial zona shimolga surilib, Sahroi Kabirni egallardi. Antarktida va Grenlandiya muzliklari erib ketib, natijada dunyo okeani “qirg‘oqlaridan chiqib” (uning sathi 66 metrga ko‘tarilar edi) hozirda insoniyatning 1/4 qismi yashab turgan qirg‘oq pasttekisliklarini suv bosib ketgan bo‘lar edi.

***

...Bir kuni Andorra davlatida futbol o‘yinini taqiqlab qo‘yishdi. Bunga sabab, o‘yinchilar to‘pni bir tomonga tepsa Fransiyaga, boshqa tomonga tepsa Ispaniyaga o‘tib ketayotgan emish.

(Izoh: Andorra Fransiya va Ispaniya chegarasidagi mitti davlat).

Ulug‘bek Ismoilov,

Jomboy tumanidagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabi geografiya fani o‘qituvchisi.