Germaniyalik shifokorlar Samarqandda
Bir guruh germaniyalik mutaxassislar koronavirusga qarshi kurashishga ko‘maklashish maqsadida Samarqandga keldi.
Martabali mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov kutib oldi.
Robert Kox instituti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi, Frankfurt-Mayn va Dyusseldorf universitetlari klinikalari ekspertlaridan iborat mutaxassislar Samarqand shahrida tashkil etilgan maxsus davolash va taqsimlash markazida bo‘ldi. Bu yerda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonida bevosita ishtirok etib, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida kelganmiz, – deydi Xalqaro sog‘liqni saqlash markazi rahbari o‘rinbosari Andreas Yansen. – Samarqandda tashkil etilgan maxsus saralash punktida bo‘lib, bu yerda bemorlar va shifokorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdik. Bu muassasa jahon standartlari talablariga javob beradigan markazlardan biri bo‘libdi, desam adashmayman. Men Afrika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida ham bo‘ldim. Samarqanddagi mazkur tibbiyot muassasasini dunyodagi eng zamonaviy markazlar qatoriga kiritish mumkin.
Muloqot chog‘ida germaniyalik mutaxassislar o‘z tajribalaridan kelib chiqib, samarqandlik shifokorlarga bemorlarni davolashda taklif va tavsiyalarini berdi.
To‘lqin SIDDIQOV,
BAXTIYoR MUSTANOV.