Gigant sayyoralar: Saturn
Yupiterdan keyin turuvchi Saturn, Uran va Neptunlar Quyosh tizimining so‘nggi sayyoralari hisoblanadi. Saturn kattaligi jihatidan quyosh tizimidagi ikkinchi sayyoradir. Saturn va Uran Yupiter kabi gazdan tashkil topgan. Saturndan tashqari qolgan ikkala sayyoralarda ham halqalar mavjud. Lekin ular Saturndagi halqalar kabi jozibador emas.
Saturn - Quyoshdan uzoqligi bo‘yicha oltinchi sayyora. Saturn rimliklar uchun vaqt va taqdir xudosining nomi, yunonlarda Kronos nomi bilan atalgan, arablarda Zuhal nomi bilan yuritiladi. Massasi Yernikidan 95,28 marta katta. Quyosh atrofida 9,64 km/sek tezlik bilan aylanib turadi. To‘la aylanish davri 29,458 Yer yiliga teng. Uning atmosferasida molekulyar vodorod, metan borligi aniqlangan, ammiak va geliyning borligi taxmin qilinadi. Unda halqalarning borligini 1610 yilda Galiley aniqlagan. Saturn halqalari ustma-ust joylashgan 4 ta halqalardan iborat. Saturnning Titan, Yanus, Feba va boshqa nomlardagi 62 ta yo‘ldoshi mavjud. Shundan 53 tasining nomi mavjud bo‘lib, qolganlariga hozircha nom qo‘yilmagan. Titan Quyosh tizimidagi (Yupiterning yo‘ldoshi Ganimeddan keyin) eng katta yo‘ldosh hisoblanadi.
Titan Saturnning eng katta yo‘ldoshi bo‘lib, quyosh tizimida Yupiterning yo‘ldoshi bo‘lgan Ganimeddan keyin ikkinchi katta yo‘ldosh hisoblanadi. Quyosh tizimida Yerdan keyin sirtida suyuqlik mavjud bo‘lgan jismdir. Titan Saturnning kashf qilingan yo‘ldoshlaridan birinchisi bo‘lib, uni 1665 yil 25 martda gollandiyalik astronom Xristian Gyugens aniqlagan. Uning diametri 5152 kilometr (Oynikidan 1,5 marta katta), massa jihatidan 80 foizga Yerning massasidan katta, o‘lchami jihatidan Merkuriydan katta. Uning sirti asosan suvli muzdan va organik moddalar qoldig‘idan iborat.
Titanning zich atmosferasi uzoq vaqt bu yo‘ldosh sirtini kuzatish imkonini bermagan. 2004 yili unga juda yaqinlashgan “Kassini-Gyugens” kosmik apparati uning atmosferasi tarkibini aniqlab bergan. Qalinligi 400 kilometrga cho‘zilgan atmosferasining asosiy qismi azotdan iborat bo‘lib, unda oz miqdorda metan va etan mavjud ekan. Bu gazlar uning bulutini (sirtiga tushadigan suyuq va qattiq yog‘ingarchiliklar sababchisi) tashkil etadi. Sirtida metan-etanli ko‘llar va daryolar mavjud. Sirtidagi bosim Yerning bosimidan 1,5 marta ko‘p, temperatura minus 170-180 gradus selsiyni tashkil etadi. Past temperaturaga qaramasdan, uni Yerning boshlang‘ich rivojlanish davri bilan solishtirishadi. Yo‘ldoshda hayotning sodda shakllari mavjud bo‘lishi mumkin, ayniqsa, uning yerosti suv havzalarida. Titan orbitasining radiusi 1221870 kilometr Saturn halqalaridan ancha narida joylashgan. Saturn atrofida u 15 kun 22 soat 41 minutda bir aylanib chiqadi hamda aylanishi sinxron kechadi. Ya’ni, Saturn atrofida Titanning aylanish davri o‘z o‘qi atrofida aylanish davriga teng bo‘ladi. Demak, Titan bizning Oydek, Saturnga faqat bir tomoni bilan qaragan bo‘ladi. Uning o‘z atrofida aylanish o‘qi Yernikidagi kabi ekvatorga 26,73 gradus oqqanligi bois, unda ham fasllar almashib turadi. Faqat fasllar bizning Yerimizdagidek 3 oy emas, balki 7,5 Yer yiliga teng vaqtda almashib turadi. Titan sirti «Pioner-11»,«Voyadjer-1» kosmik apparatlar yordamida tekshirilgan. Titan sirtini birinchi marta suratga olgan kosmik teleskop Habbl teleskopidir. Boshqa yo‘ldoshlarda bo‘lgan kraterlar Titanda kuzatilmagan.
“Voyadjer-1” ASS (avtomatik sayyoralararo stansiya) Saturn sayyorasining eng katta yo‘ldoshi Titanga 7000 kilometr masofaga yaqinlashgan. Unda atmosferaning o‘ta zich bo‘lishi, Yerda olib borilgan tadqiqotlar natijasida Titanda parnik effektining mavjud bo‘lishi va hayotning mavjudligini ta’minlaydi, degan xulosalar o‘z tasdig‘ini topmagan.
Internet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYeV tayyorladi.