Gitler Germaniyasi nega Uchinchi reyx deb atalgan?
1933 yilda dunyo xaritasida Uchinchi Reyx, deb atalgan yangi davlat paydo bo‘ldi. Gitler yetakchiligidagi ushbu davlat 1933 yildan 1945 yilgacha, 12 yil saqlanib turdi. Biz “Uchinchi Reyx” deganda Gitler Germaniyasini nazarda tutilishini bilamiz. Biroq bu nom qayerdan kelganligi to‘g‘risida esa...
“Reyx” so‘zi qadimiy german tilidan tarjima qilinganda “davlat”, “saltanat”, degan ma’nolarni beradi.
Birinchi reyx – bu 962 yilda germanlar qiroli Otton I tomonidan barpo etilgan german millatlarining muqaddas Rim saltanati hisoblanadi. Birinchi reyx qadimiy Rim saltanatining merosxo‘ri sifatida ifodalangan va italyan, nemis, bolqon, frank va g‘arbiy-slavyan millatlari va davlatlari o‘rtasidagi ittifoqni ta’minlagan. Ittifoqning markazi Germaniya bo‘lgan. German millatlarining muqaddas Rim saltanati 1806 yilda Napoleon qo‘shini tomonidan yo‘q qilingan.
Ikkinchi reyx 1871 yilda buyuk nemis kansleri Otto fon Bismark sa’y-harakati tufayli barpo etilgan. 1871 yilgacha Prussiya va yuzlab german grafliklari mavjud bo‘lgan. Bismarkning tashabbusi bilan nemislar Shimoliy-german ittifoqi yoki Ikkinchi reyx davlati ostida birlashtirilgan. Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatidan so‘ng Ikkinchi reyx 1918 yilda noyabr inqilobi oqibatida yo‘q qilingan.
“Uchinchi reyx” tushunchasining muallifi, millatchilik qarashlar tarafdori bo‘lgan nemis yozuvchisi va tarjimoni Artur Meller Van Den Bruk hisoblanadi. Gitler Germaniyasi vujudga kelishidan o‘n yil ilgari, 1923 yilda u nashrdan chiqqan kitobini “Uchinchi reyx” deb nomlagan. Artur Meller tushunchasiga ko‘ra, reyx – bu barcha nemislar uchun vatan bo‘la oladigan yagona davlat. Shu bilan birga u “Uchinchi saltanat g‘oyasi, eng falokatli sarob bo‘lib chiqishi, Germaniya o‘zining uchinchi saltanati haqidagi orzusi tufayli halok bo‘lishi mumkin”, deya ogohlantirgan.
Ikkinchi reyx qulagandan so‘ng Germaniya Veymarsk respublikasi, deb atala boshlandi. Gitler hukumat tepasiga kelganidan keyin millatchilar yana mamlakat nomini o‘zgartirdi. Germaniyaga Uchinchi reyx, deb nom qo‘yildi. Gitler Uchinchi reyx g‘oyasini Artur Meller Van Den Bruk ta’limotidan o‘zlashtirdi. Yozuvchi shaxsan Gitler bilan uchrashgan va u haqda unchalik yaxshi fikrda bo‘lmagan. Meller Van Den Bruk 1925 yilda o‘z joniga qasd qilgan.
Gitlerning fikricha, Uchinchi reyx ming yillab hukmronlik qilishi kerak edi. Shu sababli u Uchinchi reyxni “Ming yillik Reyx” deb ham atagan. Biroq millatchilarning dunyoni egallab olish rejasi 12 yilda barbod bo‘ldi. 1945 yilda Uchinchi reyx yer yuzidan yo‘q qilindi.
Ikkinchi jahon urushidan va fashist Germaniyasi qulaganidan so‘ng “reyx” iborasi umuman muomaladan chiqib ketdi. Hozirgi kunda nemislar “federal” ma’nosini beruvchi “bund” so‘zini qo‘llaydi. Misol uchun, “reyxstag” emas, “bundestag”.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.