Gitlerga tashxis qo‘ygan shifokor, keyinchalik Stalinning ham ruhshunosi bo‘lgan
1932 yilda endigina hokimiyat tepasiga kelayotgan Adolf Gitler dunyo mamlakatlarini buysundirib, barcha xalqlarni natsistlar uchun qul qilib ishlatishdek manfur g‘oyalarini ishlab chiqish uchun kechayu-kunduz tinimsiz mehnat qilardi. Bu esa uning salomatligiga qattiq salbiy ta’sir o‘tkazdi. Ayniqsa, ruhiy jihatdan davolanishga muhtojlik sezdi. Shunda unga aniq tashxis qo‘yishi uchun ruhshunos maslahati kerak bo‘ldi. Natsistlar partiyasi vakillari o‘z rahnamolarini davolatish uchun Yevropadagi eng kuchli ruhshunos mutaxassislarni jalb qildi. Nihoyat unga chaqirilgan mutaxassis bir necha kun Fyurer yonida yurib uning har bir harakatini nazorat qildi. Salomatligidagi o‘zgarishlarni, ruhiy holatini obdon tekshirib, kimsan buyuk fyurerga ruhiy ojizlik kasalligi tashxisini qo‘ydi. Ammo, shifokorning bu qaltis tibbiy xulosasi nafaqat o‘zi uchun, balki butun yahudiy xalqiga qo‘yilgan dushmanlik tashxisi ekanligini bilmagan edi. Tajribali shifokor Germaniya hukumati tomonidan tazyiqqa uchradi. Ammo, taqdir uni sobiq Sovetlar mamlakatiga olib keldi. Nafaqat Fyurerni, balki uning ayonlarini ham o‘ylantirib qo‘ygan o‘sha mash’um tashxisni qo‘ygan inson yahudiy millatiga mansub bo‘lgan ruhshunos Artur Kronfeld edi.
AdMe.ru nashri yahudiy xalqi uchun eng katta dushman orttirishiga sabab bo‘lgan shifokor haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.
Artur Kronfeld – 1886 yilda Berlinda boy yahudiy advokati oilasida tug‘ildi. Ulg‘aygach, ruhshunoslik kasbini egallashni istardi. Buning uchun juda ko‘p asarlarni o‘qib, o‘rgandi. Tajriba va malaka oshirdi. 26 yoshida esa doktorlik dessertatsiyasini yoqladi va taniqli olim Freydning ruhiy tahlillarini tanqid qilib yozgan ilmiy ishlari jamlangan «Ruhiy mexanika» nomli kitobi bilan jahon ruhshunoslari tiliga tushdi.
O‘sha davrlarda psixoterapiya sohasining yetuk bilimdoni hisoblangan doktor Freyd bilan bo‘lgan ilmiy tortishuvlar uni Yevropada ham mashhur qildi. Yosh mutaxassis tajribali olimning ilmiy qarashlarini fanga umuman aloqasi yo‘q deya keskin tanqid qildi. Xususan, u Freydning bayonotlarining aniqligiga shubha qilib, uning nazariyalari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib isbotladi va hammani lol qilib qo‘ydi.
1914 yilda Artur armiya safiga chaqirildi. Uch yil jangohlarda harakatdagi qismlarda hizmat qilgach, janglardan birida boshidan jarohat oldi. Ko‘rsatgan jasorati uchun II darajali Meklenburg-Shverin kresti bilan taqdirlangan.
Bir yildan so‘ng nemis qiziga uylandi. Ammo, oilaviy hayotida bir necha bor telba ruhshunosga turmushga chiqqaniga afsuslangan bo‘lsa, ajab emas. Uning ota-onasi, qarindosh-urug‘lari bu «telba yahudiy» bilan ajrashishini talab qilishsa ham erini tashlab ketmadi. U umrining oxirigacha unga sodiq qoldi.
Artur shizofreniya kasalligini davolashda insulinni qo‘llagan birinchi shifokor sifatida psixiatriya fani tarixida qolgan. U bemorga katta miqdorda insulin jo‘natib, komaga tushiradi va u o‘yg‘onganida kasallik belgilaridan asar ham ham qolmasligini isbotlab berdi. Ammo, bu ma’lum bir vaqtgacha davom etadi. Ko‘p o‘tmay shizofreniya kasalligi yana qaytalay boshlagach, bemorlarga insulin qo‘llash taqiqlandi va keyinchalik butunlay to‘xtadi.
1919 yilda A.Kronfeldning yaqin do‘sti Berlinda tashkil etgan inson tabiati va jinsiy madaniyatini o‘rganish ilmiy-tadqiqot institutida rahbarlik lavozimlaridan birini egalladi. 1921 yilda institutda «Aholini jinsiy hayotini isloh qilish masalalari» bo‘yicha birinchi konferensiya tashkil etildi. Ammo, hukumatda institutning taqiqlangan masalalarda faoliyat olib borishi taqiqlandi. Keyinchalik institut kutubxonasi natsistlar tomonidan yo‘q qilindi va Kronfeld va uning hammaslaklari buzuqilar deb qoralandi.
1932 yildan boshlab Kronfeld xususiy psixiatr-mutaxassis sifatida ishlay boshladi. Uning mijozlaridan biri Adolf Gitler edi. Shu davrda ko‘pchilik Reyxning bo‘lajak rahbarini telbalikda ayblardi. Shuning uchun ham unga aniq tashxis qo‘yib, ularning fikrlari noto‘g‘ri ekanligini isbotlashi zarur edi. Shu davrda Kronfeld nafaqat Germaniyada, balki butun Yevropada mashhur bo‘lganligi sababli uni tanlashdi.
Bir necha kun davomida oliy nasabli mijozini tekshiruvdan o‘tkazgach, shifokor unga eksploziv psixopatiya, ya’ni, to‘satdan portlovchi psixopatiya tashxisini qo‘ydi. Bu esa Gitler va uning hamtovoqlarini umidsizlikka keltirib qo‘ydi. Kronfeldning xulosalarida Gitlerga bergan ma’lumotnomasida «Kichik og‘iz, qisiq loyqa rangli ko‘z, qisqa bosh suyagi, juda katta iyak, ma’lum bir degenerativ primitivlikka, ya’ni kutilmaganda qaror chiqarishga moyillikka urg‘u beradi... Shuningdek, u muttasil chalg‘ituvchi, doimo g‘alati harakatda bo‘ladi. Epiliptik tutqanoq tutishi bo‘lib turadi» deb qayd qilgan.
Tez orada Gitler hukumat tepasiga keldi va ... yahudiylarga qarshi qonunlar qabul qildi. Shunday qilib Kronfeld fyurerning ashaddiy dushmaniga aylandi va unga mamlakatda shifokorlik bilan shug‘ullanish taqiqlandi. Ammo, yurtidan ketishdan bir yil ilgari o‘z nomini «Barcha davrlarning eng mashhur shifokorlari» kitobiga yozdirishga ulgurgan edi.
Shveysariya unga siyosiy boshpana berishdan bosh tortdi. So‘ngra SSSRga murojaat qildi. Bu yerda uni quchoq ochib kutib olib, barcha shart-sharoitlarini yaratib berdi. Oilasiga uch xonali kvartira ham ajratishdi.
A. Kronfeld mudofaa qo‘mitasining maxfiy topshiriqlarini bajarardi. Jumladan, aviatsiya bilim yurtlariga qabul qilinadigan abituriyentlar uchun maxsus psixologik uslubiy testlar ishlab chiqdi. Qiziqarlisi, uning ishlanmalari harbiy bilim yurtlarida hanuzgacha qo‘llanilib kelinadi.
Gazetalar taniqli ruhshunosni SSSRga ko‘chib kelganligi haqida juda ko‘p yozishdi. Ammo, birgina kamchiligi uning mijozlari faqat partiyaning yuqori mansabdagi rahbarlari, shu jumladan, Stalin ham bo‘lgan. Shuningdek, NKVDning maxsus ekspertizalarida ishtirok etardi. Uning maxfiy mijozlari orasida L.Trotskiyning qizi Zinaida Volkova ham bo‘lgan.
Bu qiz sil kasalligi va ruhiy tushkunlikdan azob chekardi. 1985 yilda Buyuk Britaniyada ishlangan «Zina» nomli badiiy film to‘liq shu qizning davolanishi haqida edi. Unda Kronfeld gipnoz uslubini qo‘llagan. Shifokor rus tilini juda tez o‘rgandi. Bir yildan so‘ng Moskva psixiatriya instituti bo‘limlardan birini boshqarib, talabalarga leksiyalar o‘qiy boshladi. Uning o‘ziga va xotiniga sovet fuqaroligini berishdi.
1941 yilda u A.Gitler va uning hamtovoqlariga qo‘yilgan tashxislar haqida maxsus kitob yozib chop ettirdi. Kitob dastlab 50 nusxada chop etilgan bo‘lsa, urushning muqarrarligi aniq bo‘lgach, aholining nemis diktatori haqida aniq tassavurga ega bo‘lishi uchun millionlab nusxada bosilib chiqdi.
Ammo, 1941 yilda fashist qo‘shinlari Moskva ostonasiga kelganida shahar aholisi vahimaga tushib qoldi. Hammani mamlakat ichkarisiga yoppasiga ko‘chirish ishlari boshlanganini ko‘rgan Kronfeld va uning xotini dushman qo‘liga asir tushmaslik uchun zahar ichib halok bo‘lishdi. Lekin, xalq orasida ularning haddan tashqari davlat sirlarini bilganliklari uchun ham NKVD tomonidan o‘ldirilib yuborilgan, degan gap-so‘zlar ham tarqalgandi. Suronli urush harakatlari ketayotgan bir vaqtida ularning o‘lgani hech joyda oshkor etilmadi. Hatto gazetalarda ta’ziyanoma ham berilmadi.
Bugungi kunda A.Kronfeld psixiatriya sohasi bilimdoni deb tan olinsa-da, ammo o‘z yurtida biror marta bo‘lsa ham yodga olinmadi. Uning kitoblari ham qayta chop etilmadi, ularni faqat ayrim eski kutubxonalardangina topish mumkin.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.