Giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullangan Samarqand shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan Sh.To‘xtamishev va 1955 yilda tug‘ilgan T.Aminovga nisbatan hukm o‘qildi.

Sud materiallariga ko‘ra, ushbu shaxslar 2021 yil sentyabr oyida Samarqand shahar O‘rtaxo‘jasoat mahallasi hududida katta miqdorda opiy gihyovandlik vositasini noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanish paytida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ushlangan.

Yuqoridagi shaxslar Jinoyat kodeksining 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar bilan aybli deb topilib, Sh.To‘xtamishevga 6 yil, T.Aminovga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarida tug‘ilgan 7 nafar shaxs - F.Kadirov, F.Qodirov, M.Shodiyev, Z.Shodiyev, S.To‘raqulov, D.Mahkamov, T.Boborahmatovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ushbu shaxslar mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 5 ming dona “Tramadol 50 mg” psixotrop vositasini 1000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Insonga kuchli ta’sir qiluvchi gihyovandlik vositasi tarqatuvchilariga nisbatan 11 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi.