G‘o‘bdinliklar deputatdan o‘quvchilarning maktabga qatnashi uchun avtobus ajratilishida ko‘mak so‘radi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida viloyatimizning bir qator tumanlarida bo‘ldi.

Bulung‘ur tumanidagi mahallalarda o‘rganish olib borilganda "G‘o‘bdin" mahalla fuiarolar yig‘ini hududidagi ichki ko‘chaning 5 kilometr qismi ta’mirtalabligi, simyog‘ochlari ma’nan eskirganligi, Lalmikor mahallasida esa ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar borligi aniqlandi. Jarayonda fuqarolar tomonidan bildirilgan boshqa masalalar ham mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganilib, muammolarga yechim izlandi.

Xususan, G‘o‘bdin mahallasi aholisi tomonidan murojaatlar ko‘p bo‘lganligi inobatga olinib, mahallada xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiya a’zolari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazish bo‘yicha tavsiya berildi. Tumandagi 31-umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun transport ajratish, 23-umumta’lim maktabini ta’mirlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Jomboy tumanida tashkil etilgan uchrashuvlarda deputat jamoatchilikka sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezidentning farmon va qarorlari, yangi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, mahallalar hududidagi tadbirkorlik sub’yektlari, ijtimoiy soha ob’yektlari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Deputat joylardagi o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.