G‘olib sportchiga uy beriladi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida bir guruh sportchilar va ularning murabbiylari viloyat hokimining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Viloyat hokimi E.Turdimov barcha sportchi va murabbiylarni erishgan yutuqlari bilan tabrikladi. Ularning 2021 yilda Yaponiya mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari hamda XVI Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishiga ishonch bildirdi. Mazkur nufuzli musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchiga uy berilishini ta’kidladi.

Bugungi kunda viloyatimiz vakillarining 29 nafari sportning 8 turi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari hamda 7 nafari 4 tur bo‘yicha Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun musobaqalarda ishtirok etmoqda.

Para yengil atletikachi Husniddin Norbekov musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, sportchilarimizning yana 13 nafarida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish imkoniyati yuqori baholanmoqda.  Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani olishga nomzod sportchimiz Davlat Bobonov O‘zbekiston Respublikasida “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.

Pandemiya bo‘lishiga qaramay yakunlanayotgan yilda viloyatda 687 sport musobaqasi tashkil etildi va ularda 77 mingdan ko‘proq yoshlar qatnashdi. Viloyatimiz sportchilari O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 346 ta oltin, 316 ta kumush, 368 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Osiyo chempionatlarida esa 1 ta oltin, 9 ta kumush, 6 ta bronzaga ega chiqdi. Jahon chempionatlaridan  2 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medali olib keldi. Boshqa xalqaro turnirlarda 2 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza medal olishdi.

Olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika hamda xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari bo‘lgan 248 nafar yoshlar sportning 26 turi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga qabul qilindi.

Husan ELTOYeV.