Gollandiya qabristonidagi samarqandliklar: 101 vatandoshimizning do‘zax azoblari

Ularning yarmiga yaqini xoki poklari begona yurtlarda qolib ketdi. Qanchasi bedarak yo‘qoldi. Ular ro‘yxatida 101 nafar samarqandlik yurtdoshlarimiz ham bor. Gollandiyalik jurnalist Remko Reyding sa’y-harakatlari tufayli biz endi ularning achchiq qismatlari haqida ma’lumotga egamiz.

... O‘n to‘qqiz yil muqaddam Remko Reyding Gollandiyaning Amersfort shaharchasi yonidagi unutilgan qabriston bilan qiziqib qoldi va xarob, qarovsiz bu qabristonga asirga olingan va fashizm vahshiyona qiynoqlari qurboni bo‘lgan 865 nafar sovet jangchilari dafn etilgani, ulardan 101 nafari Samarqand shahri va viloyatidan safarbar qilingan o‘zbeklar ekanligini aniqladi. U arxiv materiallarini o‘rganib, fashistlar irqni aniqlash ustida o‘tkazgan laboratoriya tajribalari uchun ataylab mongoloid qiyofadagi o‘sha o‘zbek yigitlarini tanlab olganining guvohi bo‘ldi. Reydingga bu ishda o‘sha paytda o‘smir bola bo‘lsa-da, fashist tadqiqotchilarining yovuzliklariga guvoh bo‘lgan, hozir 91 yoshdagi gollandiyalik Xenka Brukxauzen o‘z xotiralari bilan yordam bergan.

Reydingning ushbu va boshqa arxiv ma’lumotlari asosida yaratilgan "Shon-shuhrat maydonining farzandlari" kitobida o‘zbeklar ustida o‘tkazilgan yana bir tajriba haqida yozilgan. Tajriba o‘tkazishdan oldin, uch kun davomida o‘zbek asirlari ochlikda saqlangan. To‘rtinchi kuni ularni maydonga olib chiqib, safga turg‘izishgan va oldilariga bir buxanka non tashlashgan. Fashistlarning fikricha, asirlar nonga och itlarday tashlanishib, bir-birlarini g‘ajib tashlagudek bo‘lishlari kerak edi. Shunday bo‘lishiga ishonchi komil yovuzlar bo‘lajak non talashishini suratga olish uchun hatto Germaniyadan kinooperatorlarni chaqirishgan edi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bunday holat yuz bermadi. Taqdirga mardona tan bergan, har qanday vaziyatda ham o‘zbekona iymon-e’tiqodiga dog‘ tushirmaydigan asirlar nonga tashlanmaydilar.

Amersfort shaharchasi fuqarolari har yili bahorda yurtdoshlarimiz qabrlarini ziyorat qilib, gullar qo‘yib, sham yoqib xotirlaydilar. Marhumlardan qay biri qay birimizning qarindoshimiz, tog‘a-jiyanimiz, urug‘-aymog‘imiz bo‘lishi mumkin.

Maqolaning to‘liq matnini 14 aprel da nashrdan chiqqan “Zarafshon” gazetasining 44-sonida o‘qing.