Go‘yoki borliqni ilohiy farrosh, supurib ketganday qayg‘udan, g‘amdan
Bugun O‘zbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ismat Ko‘chiyev tavallud topgan kun.
Taniqli ijodkor va publitsist I.Ko‘chiyev 1955 yil 27 yanvarda Tojikistonning Panjikent tumanida tug‘ilgan.
U o‘zbek va rus tillarida baravar ijod qiladi. Shu paytga qadar ijodkorning «Jannat rayhonlari», «Ulug‘lar chorbog‘i», «Sharaf Rashidov – pobeditel» (“Sharof Rashidov – g‘olib”), «Sharaf Rashidov – sozidatel» (“Sharof Rashidov – bunyodkor”), «Babur. Skvoz veka» (“Bobur. Asrlar oralab”), “Bolalik chorbog‘i”, “Talabalik yillarim”, «Pyat shagov v vechnost» (“Abadiyatning besh dovoni”), “Triumf Geydara Aliyeva” (“Haydar Aliyevning g‘alabasi”), “Abadiyatning besh dovoni” nomli asarlari chop etilgan.
Quyida 70 yoshini qarshilayotgan ijodkorning she’riy namunalaridan bahramand bo‘lasiz.
***
Yurtga qaytish
Xayollar suraman, xayolim dilbar,
Ko‘ksimdan bir o‘pib o‘tadi shamol.
“Xayrli kech”, – deydi mayin shivirlab,
Ko‘zlarimga botib borayotgan hilol.
Ko‘cha chiroqlari quyoshga mengzar,
Ruhim bahor bo‘lib kuylaydi bu dam.
Tillo topib olgan qulday xursandman,
Go‘yoki begona menga anduh, g‘am.
Shodligim toshmoqda telba daryoday,
Ko‘nglimda yulduzlar qurar anjuman.
Boshim aylanadi hayot atridan,
Go‘yo ro‘paramda bir quchoq chaman.
Ketarman, parvozim osmonga yaqin,
Hamroh tole bilan suhbatlar qurdim.
Qanchalar baxtliman, qanchalar shodmon,
Yam-yashil bog‘laring ko‘rganda, yurtim!
Tinglashni o‘rgan
Qismatdan nolima, u erur zargar,
Undandir neki bor aylarsan safar.
Dengizga aylanmoq orzu bo‘lsa gar,
Avval o‘z qalbingni tinglashni o‘rgan.
To‘lamoqchi bo‘lsang ishq xirojini,
Boshingga qo‘ndirib Majnun tojini.
Lablaringga bosib nay og‘ochini,
Avval o‘z qalbingni tinglashni o‘rgan.
Goho baland ketding, goho ketding past,
O‘ylading – osmonni ko‘taraman dast.
Oyoqlar ostida bo‘lib xor-u xas,
Avval o‘z qalbingni tinglashni o‘rgan.
Hayot nafasiga oshiqlik bekor,
Pastkashlar qoshida bo‘lmagin beor,
Toki bo‘lmas ekan senda ixtiyor,
Avval o‘z qalbingni tinglashni o‘rgan.
Ismat, tiriklikdan viqor izladim,
Do‘stlarning ichidan, ag‘yor izladim,
O‘z-o‘zimga kuyib yana bo‘zladim,
Avval o‘z qalbingni tinglashni o‘rgan.
Yurtim
Hatto qirlaridan tushib qizg‘aldoq,
Har kelgan mehmonga yozar poyandoz.
Daraxtlar beliga oq belbog‘ taqib,
Mehr-u muhabbat-la chiqadi peshvoz.
Qushlar gurung berar o‘tgan-ketgandan,
Har bitta anhorin suhbati jonon.
Dengizday chayqalgan bug‘doyzorlardan
Hamisha xabardor, egilib osmon.
Qirmizi olmalar atir purkaydi,
Yam-yashil bog‘larning egni-boshiga.
Bir ajib rohatni tuyasan jonda,
Boshing qo‘yib yotsang tog‘lar toshiga.
Bu shunday hur Vatan, nurlar toshadi,
Jilmaysa qo‘ng‘irtus qaroqlariga.
Azbaroyi qattiq sevganligingdan,
Aylanging keladi tuproqlariga.
Nastarinlar gullaganda
Ishq sochilar jumla-jahonga,
Gulday inar umid ham jonga,
Bir kuy oqar shafaq tomondan,
Nastarinlar gullagan tongda.
Bolarilar xirgoyisi shod,
Qushlar tuzar yangicha bayot,
Xushxabarday tuyilar hayot,
Nastarinlar gullagan tongda.
Yodga tushar yoshlik damlarim,
Hatto g‘am ham bo‘lganday nadim,
“Dugoh”nimi kuylar allakim,
Nastarinlar gullagan tongda.
Yasharganday bu olam dilbar,
Tovlanadi shudringlar – gavhar,
O, bunchalar osmon munavvar,
Nastarinlar gullagan tongda.
Cho‘miladi borliq ziyoga,
Ismat, ne bor bundan ziyoda,
Qaytib kelgandayman dunyoga,
Nastarinlar gullagan tongda.
Uyg‘otib qo‘yaymi?!
Orzuga cho‘milgan bir oydin tongda,
Uyg‘onib ketaman g‘aflat uyqudan
Va toshgum bahorda daryoday –
Jism-u jonim aro tushgan yog‘dudan.
Uyg‘onish farahli, uyg‘onish go‘zal,
Ufq dil qoniday yonganda yal-yal.
Qayta tug‘ilasan, go‘yoki nurdan,
Osmon ko‘zlaringga to‘lgani mahal.
Yorishib ketadi jon-u jahoning,
Eng shaffof orzudan, go‘zal orzudan.
Go‘yoki borliqni ilohiy farrosh,
Supurib ketganday g‘amdan, qayg‘udan.
Uyg‘ondim va topdim ko‘nglimni yana,
O‘zimni o‘zimda aylay deb bunyod.
Poklik neligini anglamoq bo‘lsang,
Seni ham uyg‘otib qo‘yaymi, hayot?!