Grant loyihalari jamiyat rivojiga xizmat qiladi
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tibor yil sayin oshib bormoqda. Masalan, bu borada davlat byudjetidan 2023 yilda 226,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 1.3 trln. so‘mni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi alohida xo‘jalik yurituvchi sub’yekt – nodavlat notijorat tashkilot (NNT) sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bo‘limning NNT shaklida ish yuritishi grant tanlovlarida ishtirok etish imkoniyatini yaratdi. Chunki ushbu tanlovlarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etishi haqli bo‘lib, ular tanlov asosida ajratiladigan davlat va jamoat fondlari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradilar.
“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi ham xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etgan tanlovda o‘zining “Samarqand shahar “Yangi hayot” mahallasi misolida shahar mahallalarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari a’zolari tomonidan yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish va axborot kutubxona markazlariga jalb qilish orqali kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.
Loyihani bajarish uchun o‘tgan vaqt davomida “Yangi hayot” mahallasida loyihaga jalb qilinganlar ro‘yxati shakllantirilib, 15 nafardan iborat “Keksalar maslahati” guruhi a’zolari o‘zlarining maktabda o‘qiyotgan 17 nafar nevaralari bilan loyihada ko‘rsatilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha ish olib bordi. Asosiy masala maktab o‘quvchisi bo‘lgan nevaralariga darsni o‘zlashtirishlarida ko‘mak ko‘rsatish, oyida bir bor “Samarqand kitob olami” savdo majmuasida tashkil etiladigan “Nevaramga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasida ishtirok etib, nevaralarga ular tanlagan kitobni sovg‘a qilish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishlari uchun ular bilan shug‘ullanish va kutubxonaga birga olib borib, ularda kitobxon ko‘nikmasini shakllantirish kabi ezgu ishlar bo‘lib, loyiha rejasida belgilangan vazifalar muddatida amalga oshirildi.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markaziga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kitobini lotin va kiril yozuvida chop etishga buyurtma berilib, ikki mingdan ziyod kitob shahardagi 215 ta mahallaga nevarasi maktabda o‘qiydigan faol nuroniylarga tarqatildi.
“Yangi hayot” mahallasida nuroniylarning nevaralariga Konstitutsiyani o‘rgatish borasida olib borgan ishlari bir necha bor o‘rganildi va Asosiy Qonunni eng yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Loyiha doirasida mahalla hududidagi 51-umumta’lim maktabining yuqor sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Men bo‘sh vaqtimdan unumli foydalanaman” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 9 nafar o‘quvchi atoqli yozuvchilarning asarlari bilan taqdirlandi.
Ayniqsa, “Yangi hayot” mahallasida istiqomat qiluvchi nuroniy va yoshlardan ellik nafari Toshkent shahriga borib, Alisher Novoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lishi ularda katta taassurot qoldirdi.
Umuman, ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda davlat grantlarining ajratilishi jamiyat rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani bilan birga “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilining amalda bajarilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Xurshid Nurullayev,
“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi, loyiha rahbari.