Gulchilikka qiziqish tabiatga mehrmi yoki biznesmi?
Jomboy tumanidan o‘tgan kishi yo‘l bo‘yida turli ranglarda ochilib turgan xrizantema gullariga e’tibor qaratadi.
Gulchilikka qiziquvchilar shu yerining o‘zidan xarid qilib uyida, ishxonasida yoki yo‘l bo‘ylarida shu gulni ko‘paytirmoqda. Xo‘sh, bu gulning asl vatani qayer va uni qanday ko‘paytirish mumkin?
- Asli Qo‘qon shahridanman, - deydi Jomboy tumani Nazar mahallasida bir necha yildan buyon xrizantema gulini yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan Umid Sheraliyev. – Gulchilikni o‘n besh yil avval boshlaganmiz. Hozir oilam Farg‘onada, men Samarqandda gulchilik bilan shug‘ullanaman. Gullar ko‘chat holida Xitoyda tayyorlanadi, biz internet orqali navi, rangi, albatta, xaridorgir bo‘lgan yangi turlaridan buyurtma qilamiz. Hamma gulni ham shunchaki, xohlagan kishi olib kelavermaydi. Buning uchun maxsus ruxsatnoma, karantin talablari bor. Shuning uchun keltirish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar orqali gul ko‘chatlarini olamiz va o‘zimiz kichik niholdan parvarishlaymiz. Bu gulga talab ortib borgandan so‘ng Toshkentda yetishtirishni boshladik. 2020 yilda Jomboyga kelib “Sobirov Toshmurod” fermer xo‘jaligidan ikkilamchi shartnoma asosida yer oldik. Viloyat hokimining tavsiyasi bilan o‘tgan yili 3 gektardan ortiq maydonda xrizantema yetishtirdik. Bundan tashqari, Samarqand, Toyloq tumanlarida ham yer olib, shu guldan ko‘paytirdik. Bu yil Jomboy va Toyloq tumanlarida xrizantema pavarishlayapmiz. Jomboy tumanida 1,2 gektar maydonda 25 ming tupdan ortiq gul yetishtirdik.
Bu gul aslida o‘zimizda o‘stirilgan, desak ham bo‘ladi. Chunki ko‘plab xonadonlarda onalarimiz “Sentyabr gul” deb nomlanadigan gul o‘stirishgan. Xitoylik olimlar bu gulning genini o‘zgartirib, “yangi nav” yaratishgan. Bu gul sovuqqa, kasallik va zararkunandaga chidamli. Payvand yoki ildizidan emas, faqat hujayradan ko‘paytiriladi. Avval boshida uch xil - qizil, sariq va oq navlari bor edi. Hozir 30 xildan ortiq nav yaratilgan.
Katta dalalarda, ya’ni sotish uchun mo‘ljallanganda bu gulni iyun oylarida ekkan ma’qul ekan. Chunki issiqsevar gul uch oyda kattarib, kuz fasliga kelganda sotishga tayyor bo‘ladi. Xonadonlarda esa mart-aprel oylarida ekish mumkin.
Gulchining o‘zi ham 1,2 gektar maydonda 10 iyunda gul ko‘chatlarini ekkan. Bu fermerga ertagi hosilni yig‘ishtirib olish imkonini ham beradi. Demak, takroriy maydonda ham yetishtirishsa bo‘ladi. Bog‘bon 3 nafar doimy va 15 mavsumiy ishchining mehnatidan foydalanadi. Quyosh nurini sevadigan gul ko‘chatlari 70x70 o‘lchamda, odatiy ekinlar kabi ekiladi. Mavsum davomida 4-5 marotaba chopiq va shuncha sug‘oriladi. Mehnati unchalik og‘ir bo‘lmaganligi va ildizidan ko‘paytirish qulayligi uchun shu yerdan gul xarid qilib, keyingi yildan ko‘chatni ko‘paytirayotganlar ham bor ekan.
- Gulni kuzda kesib tomirini issiqxona yoki muzlamaydigan yerga ko‘mib qo‘yamiz, - deydi U.Sheraliyev. - Bu bahorda ildizidan ko‘proq nihol unib chiqishiga yordam beradi. Bizga ko‘proq nihol kerak bo‘lgani uchun ham shunday qilamiz, uy sharoitida esa shunchaki barg-shoxlarini kesib qo‘ysa ham bo‘ladi.
Daromadimiz o‘rtacha 300 million so‘m atrofida bo‘ladi. Yangi navga talab yuqori bo‘lgani uchun qimmatroq, o‘tgan yilgi navlar biroz arzonroq sotiladi. Bu yilgi yangi nav mitti qizil gulli xrizantema bo‘ldi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.