Gulnora Karimova koloniyada yaqinlari bilan uchrashdi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, o‘rganish davomida (joriy yilning 3 iyul kuni) G. Karimova oila a’zolarining u bilan uzoq muddatli uchrashuv so‘rab yozgan murojaati kelib tushganlik fakti aniqlangan.

Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasiga muvofiq mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuv huquqi ta’minlanishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazildi. Monitoring davomida, mahkuma G. Karimova o‘zining uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalangan holda 2019 yilning 7 iyul kunidan 10 iyul kuniga qadar, o‘z oila a’zolari bilan uch kunlik – uzoq muddatli uchrashuvda bo‘ldi.

Ularga, uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalanayotgan boshqa mahkumalar kabi, alohida uzoq muddatli uchrashuvlarga mo‘ljallangan yashash joyi ajratildi.

Ushbu uchrashuvni bo‘lish, shuningdek, oila a’zolari tomonidan olib kelingan posilka va banderollarni kiritishni cheklash holatlari bo‘lmadi.

Suhbat davomida, G. Karimovaning oila a’zolari ushbu davrda boshqa mahkumalar ham o‘zining uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalangan holda yaqinlari bilan birga bo‘lganligini ta’kidlashdi, bu boshqa mahkumalarning uchrashish huquqlari ta’minlanayotganligini bildiradi.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida, G. Karimovaning oila a’zolari G. Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganligi va unga bosim o‘tkazilayotganligi bo‘yicha shikoyat va e’tiroz bildirishmagan.