Gulnora Karimovaga nisbatan yana uch turdagi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Bosh prokuratura tomonidan G.Karimovaga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishiga «White and Case» xalqaro yuridik kompaniyasidan kelib tushgan ma’lumotlar va fuqarolarning arizalari asosida to‘plangan tekshirish hujjatlari asos bo‘lgan.
Aniqlanishicha, G.Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, «Quvasoysement» va «Bekobodsement» AJlarining davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan.
G.Karimova qayd etilgan aksiyalarni chet el tadbirkorlariga sotgan hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning mulkini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.
Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davom etmoqda.