Gulnora Karimovaning qizi “Instagram”dagi sahifasida berilayotgan postlar boshqa shaxslar tomonidan tayyorlanishi aytdi
21-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasida ko‘zda tutilgan huquqlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida qizi Imon Karimova bilan 2019 yilning 7 iyul kunidan 10 iyul kuniga qadar uzoq muddatli uchrashuv berilgan.
Uchrashuvdan so‘nggi fikr va taassurotlarini o‘rganish maqsadida Imon Karimova bilan suhbat o‘tkazilganda, u onasi Gulnora Karimovaning ayni paytda sog‘ligidan shikoyati yo‘qligini, zarur hollarda muassasa tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan o‘z vaqtida alohida e’tibor qaratilayotganligi, onasiga nisbatan O‘zbekiston hukumati tomonidan hech qanday bosim o‘tkazilmayotganligini bildirdi.
G.Karimovaning jazoni ijro etish koloniyasidagi holati yuzasidan internetlarda nashr etilgan materiallar haqida Imon Karimovadan so‘ralganda, haqiqatdan ham “Instagram”dagi “iman.k17” sahifasi unga tegishli ekanligini, ammo onasi G.Karimova bilan bog‘liq materiallar ushbu sahifaga boshqa shaxslar tomonidan tayyorlanishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV
Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi.