Gulobodda “bangixona” ochgan shaxs jazolandi

Giyohvand moddalarni yetishtirish, sotish va targ‘ib qilishga qarshi jiddiy choralar qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, bu zahri qotilni iste’mol qiluvchi, uning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi kimsalar hamon uchrab turibdi. Achinarlisi, ular bu baloni boshqalarga ham “yuqtirishga” intiladi.

Samarqand tumani, Gulobod mahallasida yashovchi Sh.Sh. iste’mol qilish va sotish maqsadida tomorqasida “marixuana” giyohvandlik o‘simligini ekib parvarishlagan. Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish uchun yashash uyida “bangixona” ham tashkil qilgan. Ayrim do‘stlarini shu yerda mehmon qilib, “mahsuloti”ga xaridor “ovlagan”.

2019 yil 26 dekabr kuni Samarqand tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sh.Sh.ning qilmishiga chek qo‘yildi. Sotish maqsadini ko‘zlab umumiy og‘irligi 428,2 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasini uyida saqlab kelayotgani aniqlanib, bu zahri qotil ashyoviy dalil sifatida olindi va tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Sudda Sh.Sh.ga uzil-kesil 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

T.BOYZOQOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi raisi.