Gurbanguli Berdimuhamedov yangi kitob yozdi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov «Farovonlikning nurli qadamlari» nomli yangi kitob yozdi. Bu haqda «Turkmen portal» xabar berdi

Davlat rahbari hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida mazkur kitob taqdimotini o‘tkazgan. Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, yangi kitob ommaviy nutqlar to‘plamini o‘z ichiga oladi. Unda mamlakat taraqqiyotining turli jabhalari: tashqi siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ilm-fan va boshqa sohalar bo‘yicha fikrlar umumlashtiriladi, shuningdek, davlatni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bayon etilgan.

Turkmaniston prezidenti 2021 yili «Oq shahar Ashxobod» va «Mustaqillik bizning baxtimiz» deb nomlangan ikkita kitob yozgan. Shu bilan birga, Berdimuhamedov turkman tarixi, Axalteke otlari, turkman gilamlari, musiqa, pazandalik, choy, maqol, turkman alabayiga oid turli mavzulardagi bir qancha kitoblar muallifi hisoblanadi.

Turkmaniston rahbarining elektron kutubxonasida 60 dan ortiq kitob mavjud bo‘lib, ularning aksariyati xorijiy tillarga tarjima qilingan.