Gvineya prezidenti harbiy isyonchilar qo‘lida, mamlakatda komendantlik soati joriy etilgan

Gvineya harbiy isyonchilari rahbari, polkovnik Mamadi Dumbuya mamlakat prezidenti Alfa Konde ularning nazorati ostida, xavfsiz joyda ekanligini ma’lum qildi.

"U shifokor ko‘rigidan o‘tdi. Xavotirga o‘rin yo‘q", dedi u France 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Polkovnikning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar hukumat bilan "o‘ynash" yoki "hazil" qilish niyatida emas. Aksincha, "mamlakatga yordam berish" uchun oldingi hukumatning xatolarini tuzatmoqchi.

Kecha, 5 sentyabr kuni isyonchilar yetakchisi Mamadi Dumbuya hukumatni tarqatib yuborish, amaldagi konstitutsiyani bekor qilish va mamlakat chegaralarini yopish to‘g‘risida e’lon qildi. O‘z navbatida, Gvineya Mudofaa vazirligi Konde qo‘riqchilari isyonchilarning qarorgohga qilgan hujumini qaytarganini aytdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, isyonchilar guruhini Fransiya xorijiy legionida xizmat qilgan polkovnik Mamadi Dumbuya boshqarmoqda.

Polkovnik Dumbuya butun mamlakat bo‘ylab komendantlik soati e’lon qildi. Mahalliy televideniyada o‘qilgan bayonotga asosan, komendantlik soati "keyingi bildirishgacha" o‘z kuchida qoladi.