Hafta o‘rtasida tog‘li hududlarda qor yog‘ishi kutilmoqda
O‘zbekiston hududi bo‘ylab deyarli butun sentyabr va oktyabr oylari davom etgan juda uzoq quruq havoli davrdan so‘ng kecha nihoyat haqiqiy kuz yomg‘irlari yog‘ib o‘tdi. Yomg‘ir respublika hududiga Kavkaz tomondan sovuq va nam havo oqimi kirib kelishi natijasida yuzaga keldi, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Kechasi yomg‘ir yog‘di. Bugun tongdan esa O‘zbekistonning aksariyat qismida ob-havo ochiq bo‘ldi. Faqatgina Farg‘ona vodiysi hududlarida kunning birinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir kuzatildi. Havoning harorati me’yordan biroz pastroq 12−17 daraja oralig‘ida bo‘ldi.
10−11 noyabr kunlari mamlakat hududi sovuq havo massalari ta’sirida bo‘ladi, quruq ob-havo kutilmoqda. Havo harorati kechasi 0−5 darajagacha pasayadi, kunduzi havo 13−18 darajagacha isiydi.
12 noyabr kuni ob-havo sharoiti yana o‘zgaradi. Volga bo‘yidan sovuq antitsiklon yana respublikaga kirib keladi. O‘zbekiston hududining ba’zi joylarida yomg‘ir, tog‘li hududlarda qor yog‘adi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Ba’zi joylarda shamolning tezligi sekundiga 17−22 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Yomg‘ir davomida kunduzi harorat 8−13 darajagacha pasayadi. Bu o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 4−5 darajaga pastdir.
13 noyabr kuni yomg‘ir faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida kuzatiladi. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 0−5 daraja, kunduzi 8−13 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Bu ham o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlar me’yoridan past.