Hafta yarmidan havo harorati pasaya boshlashi ma’lum qilindi
«O‘zgidromet» axborot xizmatining xabar berishicha, haftaning ikkinchi yarmida issiq ob-havo massasi O‘zbekiston hududidan chekinadi va respublika bo‘yicha harorat pasaya boshlaydi.
Hafta oxiriga kelib, nisbatan salqin havo massasi respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi va ko‘pchilik viloyatlarda havo harorati 33-36 darajagacha pasayadi.
Haftaning birinchi yarimida hududlarning katta qismida quruq va juda issiq ob-havo saqlanib turadi.
Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kaspiy dengizidan nisbatan salqin va biroz nam havo massasi tarqaladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida 25-26 iyul kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Havo harorati 32-37 darajagacha pasayadi.