Haj safariga bormaydigan davlatlar soni oshyapti
Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yilgi haj mavsumi yuzasidan Saudiya Arabistoni shu kunga qadar yakuniy qarorni e’lon qilmadi. Xabarlarga ko‘ra, ayni paytlarda vaziyat baholanayotgani va yakuniy qaror yaqinda qabul qilinishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati.
Hozirgacha 10 nafarga yaqin davlatlar Saudiya Arabistonidan keladigan xabarni kutib o‘tirmay, o‘z fuqarolari uchun bu yilgi haj safarini bekor qildi. Shulardan biri – eng yirik musulmon aholiga ega bo‘lgan Indoneziya bo‘lsa, qolganlari Malayziya, Senegal, Nigeriya va Singapur, Hindiston hamda Yevropa va Janubiy-Sharqiy Osiyoning ba’zi mamlakatlari o‘z ziyoratchilarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida «Haj–2020» mavsumini tashkil qilmaslik haqida qaror qabul qildi.
Saudiya Arabistonida ayni vaqtdagi epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Har kuni o‘rtacha 3800-4500 nafar kishida koronavirus aniqlanayotgan bo‘lsa, 40-45 ta o‘lim holati qayd etilmoqda.