Halollik va mas’uliyatlilik – bosh mezon

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi va Antikorrupsion haftalik doirasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti professori Farhod Nabiyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Rahimov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining hayotimizda tutgan o‘rni, korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, mazkur jinoyatga yetaklovchi omillar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, vijdon bilan ish yuritish va halollik hamda mas’uliyatlilik davlat soliq xizmati organlari xodimlarining faoliyatida bosh mezon bo‘lishi lozimligi, ushbu illatga qarshi kurashda ogohlik va sergaklikni bir zum bo‘lsa-da susaytirmaslik zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
– Bugun barcha sohalarda, jumladan, davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi O‘z xavfsizligi va komplayens-nazorat bo‘limi davlat soliq bosh inspektori Jasur Rahimov. – Jumladan ISO 370001 – “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti asosida komplayens-nazorat tizimi joriy qilindi. Komplayens-nazorat tashkilot va xodimlar tomonidan amaldagi qonunchilikka, ichki idoraviy hujjatlar hamda odob-axloq normalariga to‘liq rioya qilinmasligi natijasida yuzaga keladigan salbiy vaziyatdan ogoh etuvchi boshqaruv tizimidir. Mazkur tizimni amaliyotga tatbiq qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, bu kabi xavflar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltiruvchi va boshqa xavflardan tizimli himoya mexanizmini yaratish, me’yoriy hujjatlardagi korrupsion holatlarni bartaraf etish, faoliyat imijini bir maromda saqlab turishdan iborat.
Tadbirda boshqarma shaxsiy tarkibini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.