Har bir mutaxassis, ayniqsa, amaldor o‘ziga savol berishi kerak - halol va sifatli xizmat bilan yelkamdagi farzi aynni ado etyapmanmi?

Azizlarim. Yana qo‘lga “klaviatura”, degan zamonaviy qalam olmasam bo‘lmaydi. Bunga Shayx hazratlarining oynai jahonda berilgan ma’ruzalari sabab bo‘ldi. So‘zimni "Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ijtihodi va vasiyati" deb nomladim.

Hazrat ma’ruzalarining bosh mavzusi:

- har bir musulmon jamoasi, bu o‘rinda O‘zbekiston xalqi (hazrat bu xalqning musulmon qismini nazardan tutganmilar yoki hammasini - bu muhim emas) o‘ziga, o‘zining kundalik hayotiga kerakli, salomatlik va xavfsizligi, farovonlik va taraqqiyotini ta’minlash uchun zarur mutaxassislarni tayyorlashi, o‘qitishi, ilm va malaka bilan qurollantirishi, buning uchun o‘quv yurtlari ochishi, ularda yuqori malakali mutaxassis yetishtirish uchun barcha choralarni ko‘rishi farzi kifoyadir;

- yetishib chiqqan mutaxassislar o‘z kasblarini bajara olishlari uchun jihozlar, vositalar (bino, asbob-uskuna va boshqa) bilan ta’minlashi ham farzi kifoyadir;

- buning uchun bu jamiyat zarur mablag‘ ajratishi va boshqa chora-tadbirlarni ko‘rishi ham farzi kifoyadir;

- ana shu imkoniyatdan foydalanib, mutaxassis bo‘lib yetishgan  har bir musulmon xalqqa xizmat qilishi: o‘qituvchi o‘qitishi, vrachlar davolashi, injenerlar inshoot qurishi, adliyachilar adolatni ta’minlashi va hokazo farzi ayndir.

Bu ma’ruzalarda Shayx hazratlarining bir tomondan xalqparvarigi, millatparvarligi yaqqol namoyon bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘zlarining tub fikrlarini va asl maqsadlarini nihoyatda yotig‘i bilan, "fahmu farosati bor uqib olar" uslubida bayon qilgani ko‘rinadi.

O‘ylaymizki, hazratning xalqparvarligi, millatparvarligi bu o‘rinda izohga muhtoj emas. Axir, bugun jamiyat o‘qituvchi, vrach, yurist, iqtisodchi, injener, agronom kabi yuzlab turdagi mutaxassis, minglab turdagi hunarmand tayyorlash tizimisiz hayot kechira olmasligi kunday ravshan. Shayx hazratlari bunday hammaga ayon masalaga ko‘p vaqt sarflamagan bo‘lar edi. Alloma ancha chuqurroq masalani nazarda tutgan.

"Ey ahli yurt, siz nafaqat o‘zingizning buguningiz, balki ertangi kuningiz uchun ham zarur mutaxassislarni tayyorlayapsizmi?" demoqchi bo‘lgan bo‘lsalar kerak. Afsuski, bunday savolga dadil "ha" deb javob bera olmaymiz. Bizda dori-darmon tayyorlaydigan farmatsevtlar yetarlimi? Bor, ammo yetarli emas. Xorijdan olib kelinayotgan dorilar ichida esa zararlilari ham bo‘lishini istisno qilolmaymiz. Ayniqsa, koronavirusga qarshi emlamaga nihoyatda hushyor bo‘lmoq lozim.

Demak, farzi kifoyaning bajarilishiga hali bor. Bizda kasallikning hamma turini davolay oladigan tibbiyotchilar yetarlimi? Yo‘q, minglab vatandoshlarimiz o‘n millionlab dollar sarflab xorijda davolanishga borishga majbur bo‘lyapti. Demak, farzi kifoya bajarilmayapti. Bizda o‘zimiz uchun zarur texnika, stanoklar ishlab chiqaradigan, potok liniyalar, texnologiyalar yaratadigan mutaxassislar yetarlimi? Yo‘q. Demak, farzi kifoya bajarilmayapti. Bizda zamonaviy inshootlar quradigan mutaxassislar yetarlimi? Yo‘q. Masalan, Qamchiq tunnelini xitoyliklar qurib berdi. Biz IT vositalarini o‘zimiz oxirigacha ishlab chiqarayapmizmi? Yo‘q. Biz o‘zimizni qurol-yarog‘ bilan ta’minlayapmizmi? Axborot xavfsizligini ta’minlaydigan muaxassislarimiz bormi? Yo‘q hisobi. Bugun-ku mayli, o‘tar. Ertaga-chi? Noma’lum. Demak, farzi kifoya bajarilmayapti.

Albatta, zamon murakkab. Hamma narsani o‘zimizda chiqarish imkoni yo‘q. Balki keragi ham yo‘qdir. Bizda bori boshqalarda bo‘lmasligi va ayirboshlab o‘z ehtiyojimizni qondirishimiz mumkin. Ammo harbiy, informatsion va tibbiy xavfsizligimizni ta’minlash - farzi kifoyalarning farzi kifoyasidir. To‘g‘on, suv ombor, metro, ko‘prik, osmono‘par binolar, 5-6 qavatli osma yo‘llarni sifatli qilib quradigan mutaxassislarimiz yetarli bo‘lishi suv bilan havoday zarur. Ayniqsa, yangi energiya vositalalarini joriy qiladigan mutaxassislar farzi aynning farzi aynidir.

Hazrat o‘z ma’ruzalarida mutaxassis nomigagina mutaxassis bo‘lishi emas, balki malakali mutaxassis bo‘lishi va xalqqa sidqidildan, halol xizmat qilishi kerakligiga alohida urg‘u beradi. Bugun bizda juda ko‘p sohalarda diplomlilar yetarli, mutaxassislikka, hunarmandchilikka da’vogarlar ko‘p. Agar maktab bitiruvchilarining yarmi oliy o‘quv dargohlarida o‘qishgacha yetib borsa, mutaxassis bosib ketadi. Ammo ularning malakasi yetarlimi? Halol xizmat qilyaptimi? Har qancha mas’uliyatni zimmamga olib qayd etamanki, yo‘q. Farzi ayn-chi? Bu savolni hech kim o‘ziga o‘zi beradimi? Allohga shukrki, malakali mutaxassislar bor. Halol xizmat qilayotganlari ham topiladi. Ammo koshkiydi shuning o‘zi kifoya bo‘lsa.  Agar mutaxassislar ichida malakasi yetarli emaslari, nafsiga qullari onda-sonda uchrasa, boringki, ikkitasidan bittasi bo‘lsa ham farzi kifoya qoyim degan bo‘lar edim. Shunda Sardoba fojiasi bo‘lmas edi. Kelgusida ham boshqa fojialar bo‘lmas edi. Xo‘sh, biz yana boshqa fojialardan kafolatlanganmizmi? Alloh o‘zi asrasin!

O‘ziga sifatli va halol mutaxassis va hunarmand tayyorlash tizimini barpo etishi O‘zbekiston xalqi, davlati va hukumati uchun farzi kifoyadir. O‘zbekistonning har bir mutaxassisi, har bir hunarmandi o‘z vazifasini sifatli va halol ado etishi farzi ayndir. Namozi o‘ziga, ro‘zasi o‘ziga, haji o‘zi uchun. Ammo xizmat farzini bajarishi butun jamoa manfaatiga qaratilgan farz — men buni buyuk vatandoshimiz va zamondoshimiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining armoni, orzusi va vasiyati deb tushundim.

Shayx hazratlari bu farzlar to‘g‘risidagi fikrlarni qayerdan olganlar bilmayman. Balki bugungi ulamolar javob berishar. Ammo men taxmin qilamanki, bunday xulosa Shayx hazratlarining o‘ziga tegishli, o‘zining ijtihodidir. Tarixni o‘rganish, zamonani kuzatish tajribasi ustidagi o‘ylaridan tug‘ilgan achchiq xulosalaridir. Zotan, dinimiz tarixida bu kabi farzi kifoya va farzi ayn avvaldan ma’lum bo‘lsa, nima uchun Buxoro, Xiva va Qo‘qon hukmdorlari amal qilmaganlar? Nima uchun ularning atrofidagi shayxulislom, qozikalon va boshqa yuzlab din ulamolari ularga aytmaganlar, talab qilmaganlar, bajarmaganda duoibad qilmaganlar? Agar islom dunyosi allomalarining kitoblarida bu ikki farz to‘g‘risida bitiklar bo‘lsa, nima uchun osmono‘par bino va yana allaqanday ermaklarga pul topayotgan neftga boy musulmon davlatlaridan birortasida na zamonaviy qurol-yarog‘, na boshqa texnika vositalari ishlab chiqariladi? Ularda bu ikki farz haqida o‘qigan olimlar topilmaydimi? Nega amiru shayxlar har qancha imkoniyati bo‘la turib farzdan bosh tortishadi? Malayziya bu farzlarni ado etishga intilayotganiga shohidman. Ular taraqqiyot yo‘liga kirgach, mutaxassislarning sifati hal qiluvchi rol o‘ynashini hisobga olib, o‘nlab yirik universitetlar tashkil etib, ularda barcha sharoitni muhayyo qilgan. Har qancha havas qilsa arziydigan, AQShnikidan qolishmaydigan universitet kampuslari barpo etgan, minglab xorijlik mudarrislarni chaqirib, ularga katta maosh belgilab, farzi kifoyani ado etishga kirishgan. Balki, yana bir-ikki musulmon davlat misollikka yarar. Ammo bir-ikki misol farzi kifoya bo‘lolmaydi. Farzi kifoya har qaysi davlatning o‘ziga.

Shu singari yurtimizda qanchadir mutaxassis talab darajasida ishlayotan bo‘lsa, bu farzi ayn adosi uchun kifoya emas. Har bir o‘zbekistonlik mutaxassis, hunarmand, ayniqsa, amaldor mutaxassislar o‘zlariga savol berishga odatlanmog‘i kerak - halol va sifatli xizmat bilan yelkamdagi farzi aynni ado etyapmanmi?

Abdulla A’ZAMOV, akademik.